Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston mehnat migrantlarining haq-huquqlari mustahkamlanmoqda
18:54 / 2022-02-16

Bugun dunyo migrantlari soni 270 milliondan ortiq. Agar ichki migrantlar ham qo‘shib hisoblansa, dunyoning har yettinchi odami migrantdir. Ularning 52 foizini erkaklar, 48 foizini esa ayollar tashkil qiladi.

Mamlakatimizda har yili mehnat bozoriga o‘rtacha 700-800 mingga yaqin yangi ishchi kuchi kirib keladi. Bu esa O‘zbekistonning nafaqat ichki, balki tashqi mehnat bozoridagi faol ishtirokiga ham zamin yaratadi. Shu bois yurtimizda xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash va ularga zarur ko‘mak berishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yilda xorijga ishlash uchun ketayotgan 27 mingdan ortiq mehnat migrantining hayoti va sog‘lig‘i sug‘urta qilingan, 640 kishiga xorijga ketish va ishga joylashish uchun mikroqarzlar berilgan.

Bundan tashqari, xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni kasbga o‘qitishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, 2021 yilning 10 oyida 45,2 ming kishi o‘qitilib, shundan 43 mingi kasb-hunarga va 2,2 ming kishi chet tillarini o‘rganishga jalb qilindi. 115 ming kishidan 92,1 ming fuqaro xorijda tashkiliy tartibda ishga joylashtirildi. Ushbu ko‘rsatkich 27 baravarga o‘sgan. Birgina Rossiyaga yuborilgan fuqarolarning yillar bo‘yicha statistikasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, yildan-yilga o‘sish kuzatilgan. 

Masalan, 2017 yilda 922, 2018 yilda 992, 2019 yilda 1425 fuqaro Rossiyaga tashkiliy va manzilli tarzda ishga yuborilgan bo‘lsa, 2020 yilda 8128 va 2021 yilning 10 oyida 84 ming 598 fuqaro ishga joylashtirilgan. Bu ko‘rsatkichda keskin o‘sish kuzatilgani mehnat migrantlarini shartnoma asosida, davlat tomonidan haq-huquqlari himoyalangan holda yuborish holatlari oshganini anglatadi. Shu o‘rinda qayd etish joizki, o‘tgan yili 314 mingdan ortiq mehnat migrantiga huquqiy, moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatilib, ularning 984,1 ming dollar miqdoridagi ish haqlari undirib berildi. Boshpanasiz qolgan 358 mehnat migranti vaqtincha yashash joylari bilan ta’minlandi. Og‘ir vaziyatga tushib qolgan 321 kishi qaytarib kelingan.

bugungi kunda ushbu sohadagi munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda. Ikki yil davomida ishlangan «Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilmoqda. Ushbu qonun loyihasida tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilanayotgani e’tiborga molik.

Unga ko‘ra, mamlakatimizdan tashqarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar uchun qulay mehnat sharoitlarini yaratish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari hamda ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash kafolatlarini ta’minlash kabi bir qator maqsadlar ko‘zda tutilgan.

Muhtarama Komilova, O‘zA