Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston media makonidagi yetakchi oliy o‘quv yurti
19:56 / 2021-05-24

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti bundan 3 yil avval davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan edi. Bu yil universitet tashkil topganiga 3 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan universitetda “O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti 3 yoshda: biz bosib o‘tgan yo‘l” mavzusida konferensiya tashkil etildi.

Konferensiya ishida Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralarning axborot xizmatlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, veb-dizaynerlar, marketologlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Konferensiyani O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘jayev kirish so‘zi bilan ochdi:

– O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Prezident qarori bilan bundan uch yil avval katta umidlar ila tashkil etilgan edi, – dedi rektor Sherzodxon Qudratxo‘jayev. – Dastlabki yilda oliygohimizga 101 nafar abituriyent talabalikka qabul qilindi. Ikkinchi yili 276 nafar, uchinchi yili esa 850 nafar talaba o‘qishni boshladi. Joriy yilda bu ko‘rsatkich yanada ortishi kutilyapti. bugungi kunda ta’lim dargohimizda bakalavriat bo‘yicha 8 yo‘nalishda kadrlar tayyorlanyapti. bugungi media makon, tezkorlik bilan rivojlanayotgan davr har tomonlama professional jurnalist kadrlarni yetishtirib berishni taqozo qiladi. Bu borada qisqa muddatda bo‘lsa-da, qator ishlarni amalga oshirishga harakat qilinyapti. Universitetimizning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha amaliy natijalarga erishilmoqda. Oliygohning yangi zamonaviy binosi foydalanishga topshirildi. Bu yerda jurnalist kadrlarni tayyorlash uchun barcha imkoniyat va qulaylik mavjud. Bugun universitet talabalarining ko‘pchiligi o‘qish barobarida ish bilan ham mashg‘ul, ilm va amaliyotni uyg‘unlikda yo‘lga qo‘yishgan. Yoshlar agentligi bilan hamkorlikda Talabalar press-klubi tashkil etilmoqda. Bundan tashqari, barcha qulaylikka ega talabalar turar joyi barpo etiladi. Umuman, kelgusida juda katta rejalarimiz bor. Shu vaqtgacha qilingan ishlar kam, ammo qiladiganlarimiz juda ko‘p. bugungi media muhit, so‘z va matbuot erkinligi, ochiqlik va oshkoralik yonib ishlash uchun keng imkoniyatdir. Shunday ekan, mazkur jarayonda iqtidorli, o‘z sohasining ustasi bo‘lgan professional kadrlarni yetishtirib berish eng asosiy maqsadimizdir.

Konferensiyada ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish jarayonlari, mamlakat media makonidagi bugungi islohotlar, so‘z va matbuot erkinligi, jurnalist va blogerlarning ayni paytdagi faoliyati, jurnalistika ta’limi va amaliyotidagi muammolar, ixtisoslashuv masalasi, mazkur universitetning kadrlar tayyorlashdagi o‘rni, ishtiroki va kelgusidagi maqsad-vazifalari keng muhokama qilindi. Parlament quyi palatasi deputatlari Rasul Kusherboyev, Doniyor G‘aniyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xo‘jayev, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev va boshqalar bugungi media makon faoliyati, yutuq va kamchiliklar, universitetning mamlakat axborot siyosatini amalga oshirishda hal qiluvchi kadrlar yetishtirib beradigan maskan sifatidagi o‘rni va ishtiroki borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Shundan so‘ng konferensiya o‘z ishini sho‘’balarga bo‘lingan holda davom ettirdi. “Globallashuv davrida inson huquq va erkinliklarini himoya qilishda jurnalistikaning o‘rni”, “Jurnalist kadrlarni tayyorlashda fan va amaliyot mushtarakligi”, “Zamonaviy teleradiojurnalistika: dolzarb masalalar”, “Zamonaviy mediamuhitda PR-kommunikatsiyasining yangi trendlari”, “Jurnalist kadrlarni tayyorlashda xorijiy tillarning o‘rni” kabi mavzulardagi muhokamalarda mutaxassis va ekspertlar, nazariyotchi va amaliyotchilar sohadagi yutuq va kamchiliklar, muammolar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirdi.

Jumladan, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori o‘rinbosari Xushnud Xudoyberdiyev “Globallashuv davrida inson huquq va erkinliklarini himoya qilishda jurnalistikaning o‘rni” mavzusida to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda sohada amalga oshirilgan misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar natijasida ko‘pchilik fuqarolar jurnalist va blogerlarga muammolarini hal qilib beradigan, huquqlarini tiklashda ko‘maklashadigan vakil sifatida qaraydi. Fuqarolarning huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sudlardan ham ko‘ra OAV vakillariga nisbatan bunday ishonchi muhim natijadir. Aslida ham jurnalistika sohasida inson huquq va manfaatlarini himoya qilish eng dolzarb masalalardan biridir. Ayni paytda ochiqlik va oshkoralik natijasida erishilgan ana shunday ishonch muhitini saqlab qolish uchun soha vakillari muntazam xalq bilan ishlashi, odamlarning muammolari bilan yashashi lozim.

Konferensiya doirasida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda yetakchi ommaviy axborot vositalari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi, iqtidorli yoshlar taqdirlandi.

Muhtarama Komilova, O‘zA