Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston MDH ijodiy va ilmiy ziyolilarining XV forumiga mezbonlik qilmoqda
18:21 / 2022-12-12

Poytaxtimizda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi ijodiy va ilmiy ziyolilarining XV forumi bo‘lib o‘tmoqda. Unda mamlakatimiz hamda MDH respublikalarining fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohasi faollari ishtirok etmoqda.

Forumda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov yangilanib borayotgan Vatanimizda madaniyat va san’at, ilm-fan rivojiga islohotlar jarayonining ustuvor jihati sifatida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. 

MDHga a’zo davlatlardan 200 nafardan ortiq ijodkor va ilmiy ziyolilar qatnashayotgan mazkur yubiley forumi barcha ishtirokchilarning hamkorlikka va hamjihatlikka bo‘lgan qat’iy ishonch va intilishini yaqqol namoyon etmoqda. 

Sir emaski, butun dunyoda hanuz davom etayotgan pandemiya va global iqtisodiy inqiroz oqibatlari fonida yuzaga kelayotgan muammolar eng rivojlangan davlatlarni ham tang ahvolga solib qo‘yayotir.  

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning ta’kidlashicha, MDH davlatlarining ijodiy va ilmiy ziyolilari jam bo‘lgan joriy forum «Gumanitar hamkorlik: o‘ttiz yillik tajriba va rivojlanish istiqbollari» mavzusiga bag‘ishlangani ham bejiz emas. Zero, mazkur forum doirasida madaniyat va san’at, fan-ta’lim, adabiyot sohalari va yoshlar masalalariga oid alohida mavzular bo‘yicha tashkil qilinayotgan munozara maydonlari, bu yo‘nalishlarda o‘zaro tajriba almashish, istiqboldagi o‘zaro manfaatli hamkorlik imkoniyatlarini belgilash, yangi g‘oya va loyihalarning boshlanishiga turtki beradi. 

Forumda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi raisi — ijrochi kotibi Sergey Lebedevning tadbir ishtirokchilariga tabrigi o‘qib eshittirildi. Unda qayd etilganidek, mazkur forum kelgusi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Ayni paytda O‘zbekiston rahbariyati tashabbusi bilan uning doirasida yangi g‘oyalar, ilg‘or loyihalarga asos solinmoqda.

Aytish joizki, MDH Ijodkor va ilmiy ziyolilarining forumlari 2006 yildan boshlab turli mamlakatlarda navbatma-navbat o‘tkazib kelinmoqda. Ular Hamdo‘stlik mamlakatlarida har yili o‘tkaziladigan eng yirik gumanitar tadbirlar bo‘lib, unda o‘tgan yil yakunlari sarhisob qilinadi. Qo‘shma harakatlar rejalari muhokama qilinadi, fan, ta’lim, madaniyat, axborot, turizm, sport, yoshlar bilan ishlash sohalarida hamkorlikning eng dolzarb masalalari bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi. 

O‘zbekistonda MDH davlatlari Ijodkor va ilmiy ziyolilarining ilk forumi yuksak saviyada o‘tkazilmoqda.

Bu galgi o‘n beshinchi forumning mavzusi – «Gumanitar hamkorlik – o‘ttiz yillik tajriba va rivojlanish istiqbollari» zamonaviy voqelikni hisobga olgan holda, hamkorlik rejalarini muhokama qilish hamda ishning ustuvor yo‘nalishlari va shakllarini belgilashni nazarda tutadi. 

Plenar yig‘ilishlarda va ixtisoslashtirilgan bo‘limlarda olimlar, pedagoglar va san’atkorlar kasbiy hamkorlikning turli jihatlarini: ta’lim sohasidagi hamkorlikning yangi formatlari, yoshlar bilan ishlashda uzluksizlik va innovatsiyalar, madaniyatlararo muloqotni shakllantirish, adabiyot va kitob nashriyot sohasida hamkorlikda integratsiya mexanizmlari muhokama qilinmoqda. Markaziy davra suhbati MDHda «Xalq ijodiyoti va madaniy merosi yili» deb e’lon qilingan yilning asosiy mavzusiga bag‘ishlandi.  

San’at, fan va ta’lim sohasidagi ulkan yutuqlari uchun beriladigan MDHning Davlatlararo bosh mukofoti – «Hamdo‘stlik yulduzlari» laureatlarini tantanali taqdirlash marosimi forumning kulminatsion nuqtasi bo‘ldi. MDH davlatlarining yoshlar mukofoti – «Hamdo‘stlik debyutlari» sovrindorlari ham o‘z mukofotlarini oldi.  

"Toshkent azaldan do‘stlik, mehr-oqibat, odamiylik, o‘zaro hurmat shahri bo‘lib kelgan, – dedi Ozarbayjon Badiiy akademiyasi kengashi raisi, «Hamdo‘stlik yulduzlari» mukofoti sohibi Natik Aliyev. – Mazkur forumning ahamiyati ham yangi g‘oyalarga turtki berishi, ayniqsa, yoshlarni izlanishga, o‘zaro hurmat va bag‘rikenglikka chorlovchi loyihalarga asos bo‘lgani bilan ahamiyatlidir. Men «Hamdo‘stlik yulduzi» mukofotiga munosib ko‘rilganimdan behad mamnunman. U yanada yangi ijodiy parvozlarga turtki beradi" "Bunday ajoyib forumda ishtirok etayotganimdan behad mamnunman, – dedi Armaniston Respublikasining ta’lim, fan, madaniyat va sport vaziri o‘rinbosari Araik Xzmalyan. – bugungi murakkab globallashuv davrda bunday ma’rifiy platforma, umuman, bunday maydonlarning ahamiyati beqiyosdir. Ular g‘oyat muhim va kerakdir. Bir necha yillardan buyon Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi ijodiy va ilmiy ziyolilarining forumlarida qatnashib kelaman. U ko‘plab yangi loyihalarga asos bo‘lmoqda. Masalan, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston kutubxonasi noshirlik, restavratsiya, kutubxonachilikka doir Armanistonda bo‘lib o‘tadigan turli seminar va anjumanlarda faol qatnashib keladi".  

An’anaga ko‘ra, forum doirasida Hamdo‘stlik madaniyati poytaxtlari estafetasi topshirildi. Bu yil Qirg‘izistonning Qorako‘l shahri Hamdo‘stlik madaniyati poytaxti maqomida bo‘lish tajribasini MDH-2023 bosh madaniyat markazi Sankt-Peterburg bilan o‘rtoqlashdi.  

Forumlarning yana bir an’anasi – MDH davlatlarining gumanitar sohadagi hamkorlikdagi faoliyatini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar tashkil etishdir. Bu safargi ko‘rgazma Hamdo‘stlik mamlakatlaridagi mavzuli yillarning asosiy tadbirlariga bag‘ishlanadi.  

Forumning madaniy dasturi doirasida MDH davlatlarining Yoshlar simfonik orkestri chiqishlari bo‘lib o‘tdi. Orkestrni yaratish Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi ijodiy va ilmiy ziyolilari forumining muhim loyihalaridan biridir. Jamoa birinchi marta 2007 yilda yig‘ilgan. Unga an’anaviy tarzda Hamdo‘stlik davlatlaridan nufuzli musiqa tanlovlari g‘oliblari bo‘lgan yosh musiqachilar kiradi. Yillar davomida taniqli dirijyorlar Yuriy Simonov, Vladimir Spivakov, Vasiliy Valitovlar orkestrga rahbarlik qilishdi. Bu gal O‘zbekiston Yoshlar simfonik orkestri jamoa tayanchiga aylanadi. Dirijyorlik shohsupasida Rossiya xalq artisti Sergey Skripka, ozarbayjonlik dirijyor Murtazo Bulbul o‘g‘li, o‘zbekistonlik Alibek Abdurahmonov va turkmanistonlik Rasul Qilichevlar turadi. Ozarbayjon xalq artisti Polad Bulbul o‘g‘li yakkaxon ijrochi sifatida ishtirok etdi.  

 Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA