Quyi palata majlisida “Markaziy Osiyo va Xitoy” formati kotibiyati to‘g‘risidagi nizomni ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
“Markaziy Osiyo va Xitoy” formati platforma shaklidagi davlatlararo tuzilma hisoblanib, uning kotibiyatiga Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston tomonidan tegishli ta’sis hujjatlarini imzolash orqali asos solinmoqda.
Ta’kidlanganidek, mazkur diplomatik muloqot shakli davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, o‘zaro hurmat, ishonchga asoslangan ko‘p asrlik do‘stlik va sheriklik rishtalari hamda yaqin aloqalarni o‘rnatish, amaliy hamkorlikni kengaytirish maqsadida tashkil etilmoqda.

“Markaziy Osiyo va Xitoy” formati kotibiyati 2023 yil 19 maydagi ushbu format ishtirokchi davlatlari qabul qilgan Sian deklaratsiyasiga muvofiq tashkil etilmoqda. Kotibiyat Formatning ijro organi hisoblanadi. Kotibiyat Format ishtirokchi davlatlarining sammitlari va tashqi ishlar vazirlari uchrashuvlarini tashkiliy, texnik va axborot jihatdan ta’minlashni amalga oshiradi.
Ushbu qonun loyihasi bilan “Markaziy Osiyo va Xitoy” formati kotibiyati to‘g‘risidagi nizomni ratifikatsiya qilish nazarda tutilmoqda. Mazkur Nizom muqaddima va 4 ta bo‘limdan iborat. Hujjat bilan Kotibiyatning vazifalari, vakolatlari, tuzilishi va tarkibi, huquqi, majburiyatlari hamda maqomi huquqiy mustahkamlangan.
Qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi “Markaziy Osiyo va Xitoy” formati kotibiyatida O‘zbekistonning ishtirokini ta’minlash, mazkur platformada mintaqaviy tashabbuslarni munosib ilgari surish, milliy manfaatlarni munosib himoya qilish imkonini beradi.
Majlisda qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA