Kecha Malayziya poytaxtida “Malaysia International Halal Showcase – “MIHAS-2023” xalqaro halol mahsulotlar ko‘rgazmasi ochildi. Kuala-Lumpurda joylashgan xalqaro savdo va ko‘rgazmalar markazida bo‘lib o‘tayotgan tadbirda respublikamiz korxonalari vakillari ham ishtirok etmoqda.
Halol mahsulotlar sanoati bo‘yicha dunyodagi eng yirik ko‘rgazma hisoblangan “MIHAS-2023” 2004 yildan beri har yili o‘tkazib kelinadi. Anjuman tashkilotchisi – Malayziya savdo va sanoat vazirligi huzuridagi Xalqaro savdoni rivojlantirish korporatsiyasi (MATRADE).
43 mamlakatdan 549 kompaniya, 64 mamlakatdan 16,5 ming kishi kelgan bu yilgi ko‘rgazmaning ochilish marosimida Bosh vazir Anvar Ibrohim hozir bo‘ldi. Mutaxassislar “halol” sanoatning yangi yo‘nalishlari, tendensiyalari bilan tanishdilar.
Vakillarimiz ishtirokchilarga mamlakatimiz eksport salohiyati, mahalliy mahsulotlarni xorijiy mamlakatlar bozoriga chiqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, tovar tannarxini tushirish maqsadida foydalanilayotgan xalqaro transport yo‘laklari bo‘yicha batafsil ma’lumot taqdim etishdi.
O‘zbekistondan tashrif buyurgan “Eclair”, “Elice” va “Asia Premium Deluxe” kompaniyalari mas’ullari Malayziyaning “Imedikel Pharma Holding Berhad”, “RCAB food ventures Sdn. Bhd.”, “Eramas Group”, “Mahkota”, “Quanterm Logistics Sdn Bhd”, “The Vida World Sdn Bhd”, “Matase Sutera” kabi ishlab chiqaruvchilari bilan muzokara olib bordilar. Muloqot chog‘ida mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning Malayziya bozoriga eksporti, ushbu davlat ishlab chiqaruvchi korxonalari tomonidan respublikamizda investitsiya loyihalari ilgari surilishi istiqboli muhokama qilindi. Xususan, “Imedikel Pharma Holding Berhad”, “RCAB food ventures Sdn. Bhd.”, “Makhota Detergent” va “The Vida World Sdn Bhd” kompaniyalari O‘zbekistonda qo‘shma loyihalar amalga oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqishga qiziqish bildirdi.
O‘zA