Davlatimiz rahbarining Malayziyaga rasmiy tashrifi doirasida Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park va "Malaysia Digital Economy Corporation" (MDEC) mutasaddilari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
1996 yilda tashkil etilgan mazkur kompaniya Malayziya Raqamli texnologiyalar vazirligi qoshidagi davlat organi bo‘lib, mamlakatning raqamli iqtisodiyotini ilgari surish va rivojlantirish uchun mas’ul hisoblanadi.
Uchrashuvda yaqin kelajakda har ikki mamlakatda raqamli iqtisodiyot va innovatsiyalarni rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik memorandumini imzolash hamda Sirdaryo viloyatidagi O‘zbekiston – Malayziya savdo missiyasiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi.

Malayziya va O‘zbekiston biznesi uchun yangi imkoniyatlar ochishga xizmat qiluvchi ITes kompaniyalari hamkorligiga alohida e’tibor qaratilib, har ikki mamlakatning raqamli iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha salohiyatli hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzolash rejalashtirilgan. Ushbu hamkorlik IT jarayonlarini IT Park Uzbekistan rezidentlariga autsorsing qilishni nazarda tutadi. Bitim O‘zbekistondagi ishbilarmonlik muhiti bilan tanishish bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni tashkil etish, Malayziyaning ITes kompaniyalari ofislarini ochishga ko‘maklashish, shuningdek, startap va innovatsion korxonalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladi.
Ushbu hamkorlik O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga va ikki davlatning IT ekotizimlarini rivojlantirishga yordam beradi.
N.Rahmonova, O‘zA