“O‘zbekneftgaz” AJ axborot xizmatining ma’lum qilishicha, yaqinda neft-gaz sohasi mutaxassislaridan iborat delegatsiya Malayziyada xizmat safarida bo‘ldi.
“O‘zbekneftgaz” AJ va Petronas texnologiya universiteti o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumiga asosan uyushtirilgan ushbu xizmat safarida delegatsiya Petronas texnologiya universiteti faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Qayd etish joizki, Malayziyaning Petronas texnologiya universiteti neft, gaz va energetika sohalari uchun mutaxassislar tayyorlash, ularning malakasini oshirish bo‘yicha yuqori tajribaga ega.
Universitet o‘zining zamonaviy kampusi, tadqiqotlar va innovatsiyalar yo‘nalishidagi yutuqlari bilan dunyoga tanilgan. O‘quv jarayoni va tadqiqotlar xalqaro darajada tashkil qilingan bo‘lib, talabalarga global standartlar asosida ta’lim olish imkoniyatini beradi. Xizmat safari davomida ushbu universitetning zamonaviy ta’lim metodikalari, o‘quv dasturlari va qo‘llanmalari bilan tanishildi.
Unda “O‘zbekneftgaz” xodimlarini universitetda o‘qitish imkoniyatlari ham muhokama qilindi. Tomonlar o‘zaro hamkorlikni kengaytirish va ilmiy tadqiqot hamda ta’lim sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldi. Unga ko‘ra, ushbu hamkorlik O‘zbekistonda neft-gaz sohasidagi kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA