Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Malayziya: chiqindilarni boshqarish sohasidagi hamkorlik
18:08 / 2024-05-13

O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning Blue Planet Environmental Solutions kompaniyasi direktori Ravi Koko hamda kompaniya maslahatchisi Muhammad Azaxari Kamil bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Ushbu kompaniya chiqindilarni qayta ishlash va boshqarish, chiqindixonalarni foydali yerga aylantirishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanadi. Kompaniya Osiyodagi eng jadal rivojlanayotgan korxonalardan biri sanalib, uning faoliyati atrof-muhit va ekologiyani tubdan yaxshilash bilan birga chiqindilarni qo‘shimcha daromad manbaiga ham aylantirishga xizmat qilmoqda. 

Uchrashuvda O‘zbekistonda maishiy va sanoat chiqindilarini boshqarish va qayta ishlash bo‘yicha ulkan foydalanilmagan salohiyat mavjudligi hamda ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha qulay imkoniyatlardan foydalanish zarurligi qayd etildi. 

Malayziyalik vakillar O‘zbekistonda tog‘-kon sanoati chiqindilarini ko‘mish klasterini yaratish, qattiq maishiy chiqindilardan yoqilg‘i, qurilish chiqindilari va ikkilamchi xomashyodan beton bloklari, plastik chiqindilardan polimer granulalar ishlab chiqarish, biogaz va bioo‘g‘it ishlab chiqarish uchun organik chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha loyihani amalga oshirishdan manfaatdor ekanini bildirdi. 

Muzokaralar davomida kompaniya rahbariyatining mamlakatimizga tashrifini tashkillashtirish hamda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan yaqin hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. 

Ma’lumot uchun: Blue Planet Environmental Solutions kompaniyasi 2017 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda Singapur, Hindiston, Malayziya va Buyuk Britaniyada chiqindixonalarni qazish, qayta ishlash va tiklash bo‘yicha 25 ta loyihani amalga oshirgan. 12 ming nafar xodim mehnat qilayotgan ushbu kompaniyada dunyo bo‘ylab kuniga 25 ming tonna chiqindi qayta ishlanadi. 

Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA