O‘zbekiston maktablari 2024-yilning aprel va may oylarida birinchi marotaba “TALIS 2024” tadqiqotida ishtirok etadi.
TALIS (Teaching and Learning International Survey) o‘qituvchilar faoliyati, ish sharoiti va maktabdagi ta’lim muhitini baholashga qaratilgan eng yirik xalqaro tadqiqot bo‘lib, har olti yilda o‘tkaziladi. TALIS tadqiqotida o‘qituvchilar va maktab direktorlari o‘rtasida olinadigan so‘rovnomalar orqali ta’lim muassasasidagi boshqaruv muhiti baholanadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti tomonidan Toshkent shahridagi Toshkent Xalqaro ta’lim universitetida “O‘qitish va ta’lim olishni o‘rganish xalqaro “TALIS 2024” tadqiqotining asosiy so‘rovnoma jarayonlarini tashkil etish” mavzusiga bag‘ishlangan trening tashkil etildi.
Trening “TALIS 2024” tadqiqotida milliy va xalqaro sifat nazoratchilari hamda maktab koordinatorlarining asosiy vazifalari, tadqiqot talablariga muvofiq so‘rovnoma jarayonlarini tashkil etish jihatlari, tadqiqot materiallarini qabul qilib olish va ularni tekshirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar va o‘zaro tajriba almashish maqsadida o‘tkazildi. Treningda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari hamda hududiy pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazlaridan mas’ul koordinatorlar ishtirok etdi.
[gallery-16733]
Tadbir jarayonida “TALIS 2024” tadqiqoti maktab o‘qituvchilari va direktorlariga nafaqat milliy, balki xalqaro darajada o‘z fikrini bildirish imkonini berishi, unda, ta’lim muassasalaridagi muhit, o‘qituvchilarning faoliyatidagi muammolar tizimli tahlil qilinib, natijalar asosida individual tarzda emas, balki reprezentativlik tamoyili asosida davlatlar va xalqaro miqyosda solishtirma tahlillar olib borilishi ta’kidlandi.
“TALIS 2024” tadqiqotining asosiy so‘rovnoma jarayonlari joriy yil 4–8-aprel kunlari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Asosiy so‘rovnoma bosqichi uchun 210 ta maktab Ta’lim sohasidagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) tomonidan tanlab olingan bo‘lib, unda taxminan 4 ming 200 nafar o‘qituvchi ishtirok etadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Strategik rivojlantirish va xalqaro reytinglar boshqarmasi boshlig‘i Laziz Xo‘jaqulovning ta’kidlashicha, nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda o‘qituvchilarning sotsial va emotsional muammolari mavjud. “TALIS 2024” tadqiqotida o‘qituvchilarning kasbiga bo‘lgan munosabati, bunga qanday ta’sirlar ko‘rsatilayotgani o‘rganib chiqiladi.
Tadqiqotning talablariga muvofiq ta’lim muassasasidan 20 nafargacha o‘qituvchi va maktab ma’muriyatidan so‘rovnoma savollariga javob berish so‘raladi. So‘rovnoma onlayn tarzda tashkil etilib, taxminan 60 daqiqa davomida to‘ldiriladi. Har bir ishtirokchi shaxsiy kirish login ma’lumotlarini muhrlangan konvertda qabul qilib oladi, shuning uchun maxfiylik doimiy tarzda saqlanib boriladi. Bundan tashqari, tadqiqot ma’lumotlari konfidensial hisoblanib, “TALIS 2024” nashrlari va boshqa ommaviy ma’lumotlarda o‘qituvchilar yoki direktorlarning ma’lumotlari individual tarzda oshkor etilmaydi va barcha ma’lumotlar konfidensial saqlanadi.
“TALIS 2024” tadqiqot jarayonlari pilot, tajriba sinovi va asosiy sinov kabi uch bosqichda tashkil etiladi.
So‘nggi marta 2018-yilda bo‘lgan TALIS xalqaro baholashlarida 48 ta davlat qatnashgan. Natijalari 2020-yil iyun oyida e’lon qilingan.
Muhayyo Toshqorayeva, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA