O‘zbekiston mahsulotlari eksporti nomenklaturasini kengaytirish, qishloq xo‘jaligida zararkunandalarga qarshi ilmiy yondashuvlar asosida samarali kurash usullarini keng joriy etish, fitosanitar xavflarni boshqarish va raqamli yechimlarni qo‘llash muhim masalalardan sanaladi.Bu borada xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni chuqurlashtirish keng imkoniyatlar beradi.
Xitoyning Tyanszin shahrida SHHTga a’zo davlatlar fitosanitar idoralari rahbarlarining ikkinchi yig‘ilishi doirasida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori Ibrohim Ergashev va Xitoy Xalq Respublikasi Bosh bojxona ma’muriyati raisi o‘rinbosari Chjao Szenlyan o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbirda qovun, bodom, quritilgan olcha va lavlagi kabi mahsulotlar eksporti uchun fitosanitar ruxsatlarni olish bo‘yicha kelishuvlarni jadallashtirish mavzusi e’tibor markazida bo‘ldi, deyiladi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi ma’lumotida.
Bundan tashqari, elektron platformalar integratsiyasini yo‘lga qo‘yish uchun mutaxassislar almashinuvini amalga oshirishga ham kelishib olindi. Ayni yo‘nalishda Tyanszin shahridagi “aqlli port”ga ega bo‘lgan bojxona xizmati faoliyatini o‘rganish va tajribalarni milliy fitosanitariya xizmatiga joriy etish maqsad qilingan.
Uchrashuvda yana bir masala – fitosanitar ruxsatlar olingan mahsulotlarni O‘zbekistondan Xitoyga eksport qiladigan korxonalarni Xitoyning maxsus reyestriga kiritishni tezlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bosh bojxona ma’muriyati raisi o‘rinbosari ayni vaqtda Xitoy tomonidan ko‘rib chiqilayotgan 20 dan ortiq korxona 1 hafta muddatda reyestrga kiritilishini ma’lum qildi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA