Shanxayda ochilgan 8-Xitoy xalqaro import ko‘rgazmasi (CIIE)da O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Qosimov rahbarligida vazirlik va idoralar vakillari hamda tadbirkorlardan iborat delegatsiyamiz ishtirok etmoqda.
Milliy stendimiz tog‘-kon, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, ipakchilik, charm-poyabzal va kimyo sanoatiga ixtisoslashgan korxonalar tomonidan Chin bozoriga faol eksport qilinayotgan 200 ga yaqin turdagi mahsulot bilan to‘ldirilgan. Mazkur ekspozitsiya respublikamizning yuqori sanoat va eksport salohiyatini namoyon etib, tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, jumladan Xitoy bilan hamkorlikni mustahkamlash yo‘nalishidagi strategiyamizni aks ettiradi.


Ko‘rgazma doirasida forum, sho‘’ba munozarasi, konferensiya va yetakchi mahalliy kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar rejalashtirilgan. Sheriklik ko‘lamini yanada kengaytirish, tajriba almashish va iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlariga sarmoya jalb etishga qaratilgan mazkur tadbirlar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi biznes aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
M.Pirmatova, O‘zA