Yurtimiz qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini Belarus bozoriga, xususan mamlakatdagi yirik supermarketlar tarmog‘i orqali keng miqyosda olib kirish bo‘yicha ishlar jadal davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov Belarus Respublikasi Aksil monopoliya va savdo vazirligi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokarada vazir o‘rinbosari Svetlana Korotkevich va Minskdagi Favqulodda va muxtor elchimiz Rahmatulla Nazarov ham ishtirok etdi.
Suhbat chog‘i yirik savdo markazlarida o‘zbek mahsulotlarini joylashtirish imkoniyati tahlil qilindi. Belarus tomoni ayni jarayonda institutsional hamkor sifatida amaliy yordam berishga tayyorligini bildirdi. Bu qadam tovarlarimiz ushbu mamlakat bo‘ylab keng taqdim etilishiga yo‘l ochadi.
Mahsulotlarni Belarusga yetkazishda logistika imkoniyatidan samarali foydalanish masalasi ham ko‘tarildi. Xususan, diyorimizga yuk bilan kelayotgan transport vositalarini bo‘sh qaytarmasdan, tayyor qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini nisbatan arzon logistika asosida yetkazib berish mumkinligiga urg‘u berildi.
Yaqin kunlarda Belarusdagi besh yirik supermarket tarmog‘i biznes direktorlari ishtirokida onlayn uchrashuv rejalashtirilgan. Ushbu muloqot davomida mahsulotlarimizni savdo rastalariga joylashtirish masalasi batafsil muhokama qilinadi.
F. Yaxshiboyeva, O‘zA