Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston madaniyati kunlari
15:13 / 2022-11-22

Keyingi yillarda qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro munosabatlarimiz yangicha rivojlanish bosqichiga chiqdi. Bu jihatlar O‘zbekiston va Qozog‘iston davlatlari o‘rtasidagi iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy aloqalarda yanada teranroq namoyon bo‘lmoqda.

 O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra,  mamlakatimiz san’atkorlarining katta guruhi Qozog‘istonda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi madaniyati kunlarida ishtirok etish uchun Ostona shahriga yetib keldilar.  

Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasi Rayosati Majlisining bayoniga asosan O‘zbekistonda Qozog‘iston yili va Qozog‘istonda O‘zbekiston yilini har yili navbatma-navbat uzluksiz o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, joriy yilning 29 iyulida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganligining 30 yilligini keng nishonlash bo‘yicha imzolangan qo‘shma tadbirlar rejasining tegishli bandida Qozog‘istonda O‘zbekiston madaniyati kunlarini tashkil etish belgilangan.  

Mazkur vazifalardan kelib chiqib hamda Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining murojaatiga binoan joriy yilning 21-24 noyabr kunlari Ostona shahrida O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tayapti.  

Ushbu nufuzli tadbirda ishtirok etish uchun madaniyat va san’at namoyandalari, Respublika markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasi vakillari, hunarmand va rassomlar – jami yuz nafardan ortiq ijodkorlardan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Ostona shahriga tashrif buyurdi.  

Ayni paytda ular madaniyat kunlarini yuqori darajada o‘tkazish uchun qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda.  

Madaniyat kunlari doirasida ikki davlat san’at ustalari ishtirokida konsert dasturlari, har ikki taraf ijodkorlarining mahorat darslari, anjumanlar, amaliy san’at hamda zargarlik buyumlari ko‘rgazmasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.  

Bu kabi samimiy va yuksak saviyadagi tadbirlar ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.  

 

   N.Usmonova,

     O‘zA