Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston madaniy yodgorliklarni restavratsiya qilishga oid xalqaro hujjatga qo‘shilishi kutilmoqda 
17:41 / 2024-06-06

Senatning navbatdagi yalpi majlis kun tartibiga “Madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha Xalqaro tadqiqot markazi Ustaviga (Rim, 2013 yil 29 noyabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida”gi hamda “Tovar belgilari bo‘yicha qonunlar to‘g‘risidagi Singapur shartnomasini (Singapur, 2006 yil 27 mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunlar kiritilishi rejalashtirilgan.

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining majlisida mazkur qonunlar dastlabki tarzda muhokama etildi. 

Tadbirda O‘zbekistonning Xalqaro tadqiqot markazi Ustaviga qo‘shilishi mamlakatimizda restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro tajribani muvaffaqiyatli joriy etish imkonini berishi ta’kidlandi. 

Bu sohadagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini takomillashtirish va O‘zbekistonning madaniy merosini butun dunyoga tanitish, shuningdek, ushbu sohada ishlayotgan xodimlarning malakasini tizimli ravishda oshirish imkonini yaratadi. 

Singapur shartnomasini ratifikatsiya qilish tovar belgilarini himoya qilishdan manfaatdor bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslariga shartnomada ishtirok etuvchi barcha mamlakatlarda teng huquqlarga ega bo‘lish imkonini beradi. 

Ishtirokchilar milliy qonunlarning mazkur xalqaro hujjatlar qoidalariga muvofiqlashtirilishi, mazkur qonunlarning qabul qilinishidan kutilayotgan natijalar va ularni keyinchalik amalga oshirish mexanizmlari bo‘yicha fikr almashdi. 

Senatorlar, mas’ul vazirlik va idoralar, mahalliy kengashlar doimiy komissiyalari vakillari, ekspertlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan majlis yakunida qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi. 

N.Abduraimova, O‘zA