Parijdagi dunyoga mashhur Luvr muzeyida joriy yil 23 noyabr kuni O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochiladi. Ayni paytda ushbu ko‘rgazmaga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Luvr muzeyi texnik laboratoriyasi xodimlari va yurtimizdan borgan muzeyshunoslar, soha vakillari ko‘rgazmaga mas’ul Yannik Lins hamda ilmiy rahbar Rokko Rante rahbarligida ashyolarni joylashtirish ustida ishlamoqda. Jumladan, Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi Mahmudxon Yunusov ham ushbu jarayonlarda qatnashmoqda. U bilan internet orqali bog‘lanib, ko‘rgazmaga hozirlik jarayonlari haqida so‘radik.

– “O‘zbekiston voha xazinalari” deb nomlangan ko‘rgazma Prezidentimizning “Luvr muzeyida (Parij shahri) O‘zbekistonning muzey eksponatlari ko‘rgazmasi o‘tkazilishini tashkil etish hamda xorijda O‘zbekiston muzey fondlarining samarali namoyish qilinishiga sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoyishiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilmoqda – deydi M.Yunusov. – Ko‘rgazma Luvr muzeyining Rishele pavilonida o‘tkaziladi. Unda O‘zbekiston tarixining qadimiy va o‘rta asrlar davrini qamrab oluvchi 169 ta eksponat, xususan, yurtimizdagi 16 ta muzeydan saralangan 138 dona muzey ashyosi namoyish etilishi ko‘zda tutilgan. Bular qadimiy va o‘rta asrlarga oid arxeologik va numizmatik ashyolar, shuningdek, tasviriy va amaliy san’at namunalaridir. Ko‘rgazmada namoyish etiladigan ashyolarning 51 tasi Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi fondlaridan olib kelindi. Ularning 15 tasini Afrosiyob shaharchasidan topilgan VII-XII asrlarga oid osori-atiqalar tashkil etadi. Bular elchilar zali devoriy sur’ati, shisha buyumlar, lagan, kosa kabi maishiy turmushda ishlatilgan ashyolar, me’moriy bezaklar bo‘laklari va qoplamalar, fil suyagidan ishlangan shaxmat donalaridan iborat. Mazkur ashyolar Luvr muzeyidagi islom san’ati bo‘limida alohida namoyish etilishi ham ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Buxoroning Varaxsha shaharchasidan topilgan VII-VIII asrlarga oid me’moriy bezak, Qashqadaryoning Yerqo‘rg‘in shaharchasidan topilgan III-IV asrlarga oid kuldon, Kofir qal’adan topilgan VI-VII asrlarga oid ostadon va yog‘och panno, Oqdaryo tumani hududidan topilgan va “Mullaqo‘rg‘on ostadoni” nomi bilan mashhur bo‘lgan ostadon, Samarqand shahri hududidan topilgan VI asrga oid saklarning bronza shlemi, So‘g‘d va Somoniy hukmdorlari tangalari, Payariq tumani hududidan topilgan eftaliylar, so‘g‘diylar va sosoniylar davlatiga oid kumush kosalar ko‘rgazmaning noyob ashyolari bo‘ladi.


Luvrda O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma birinchi marta tashkil etilmoqda. To‘g‘ri, 1992 yilda Parijdagi Arab dunyosi institutida, 2003 yilda Gannoverda O‘zbekiston muzeylari ashyolari ko‘rgazmasi o‘tkazilgan. Biroq bu juda kam. Shuning uchun ham Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, xorijda O‘zbekiston fondlarini ommalashtirish jamg‘armaning asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirus pandemiyasidan oldin Luvr muzeyi tashrif buyuruvchilar sonining ko‘pligi jihatidan dunyoda birinchi o‘rinni egallagan. Ya’ni, 2019 yilda mazkur muzeyga 9,6 million sayyoh kelgan. O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma Luvrning eng gavjum nuqtasi – Rishele pavilonida tashkil etilishi muzeyga kelgan har bir sayyoh uni ko‘rmasdan ketmasligini anglatadi va bu mamlakatimiz muzeylarini xorijda keng targ‘ib etishga yordam beradi.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri