Majmuaning ochilish marosimida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi A.Komiljonov boshchiligida jamiyatning boshqarma boshliqlari, “Temiryo‘linfratuzilma” AJ hamda “Toshkent MTU” UK rahbariyati va bo‘lim boshliqlari, shuningdek, mehnat faxriylari ishtirok etdi.
Hozirgi kunda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tarkibida lokomotivlarga texnik xizmat ko‘rsatadigan 20 ga yaqin korxona mavjud bo‘lib, bugun ularning soni yana bittaga ko‘paydi.
– “Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasiga qarashli Chuqursoy stansiyasi hududida “O‘zbekiston” lokomotiv deposining Chuqursoy filiali aynan ushbu hududda bunyod qilinishi bejiz emas. Chuqursoy stansiyasi jamiyat tarkibidagi eng yirik saralash stansiyasi hisoblanadi. Qozog‘istondan yurtimizga kirib keladigan hamda yurtimizdan Qozog‘istonga chiqib ketadigan poyezd vagonlari aynan ushbu stansiyada saralab jo‘natiladi. Shu bois, bu stansiyada ko‘p lokomotivlar, elektrovozlardan foydalaniladi. Qariyb 0.70 gektar joyda bunyod qilingan texnik xizmat ko‘rsatish markazida bir sutkada 15 ga yaqin lokomotiv va elektrovozlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish imkoniyati mavjud, – deydi “O‘zbekiston” lokomotiv deposining elektrovozlarni ta’mirlash bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Jamshid Mirzarahmedov. – Bu yerda asosan TEM2, VL60K,O‘zbekiston,O‘z-yo‘lovchi,O‘Z-EI va O‘Z-EIR rusumli lokomotivlarga texnik xizmatlar ko‘rsatiladi. Korxonada ish ikki smenada tashkil etilgan bo‘lib, 50 nafar malakali ishchi-xizmatchi 24 soat faoliyat ko‘rsatishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari ishchilarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida o‘quv sinfi, ovqatlanish xonalari, faollar zali, navbatchilik hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish punktlari ham faoliyat ko‘rsatadi. Endilikda ushbu stansiya va unga yaqin joylashgan barcha stansiyalardagi, shuningdek, Qozog‘istondan kelayotgan yuk poyezdlaridan ajratilgan lokomotivlarni qisqa vaqt mobaynida texnik ko‘rikdan o‘tkazib, ularning texnik holati haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘lish imkoniyati yaratiladi. Bu esa ham elektr energiyani, ham yoqilg‘i moylash mahsulotlarini tejash bilan birga, ortiqcha vaqt yo‘qotilishini bartaraf etadi.
Mazkur majmuaning ochilish marosimi davomida ushbu hududda “Temiryo‘linfratuzilma bog‘i” ham barpo qilindi. Ushbu bog‘ga jami 300 tupga yaqin manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Nozimbek Mardonov, O‘zA