Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston - Litva siyosiy maslahatlashuvi
20:02 / 2022-09-22

Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Litva Respublikasi tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi maslahatlashuvning navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimiz tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov va Litva tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mantos Adomenas boshchiligidagi delegatsiyalar tomonlarni qiziqtirgan sohalardagi ikki tomonlama munosabatning bugungi holati va istiqbolini muhokama qildilar.

M.Adomenas ta’kidlashicha, Litva Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayoni va islohotning doirasida xalq farovonligini oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, inson huquqi va manfaatini ta’minlash, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlarni yuksak baholaydi.

Har kiki tomon o‘zaro tashriflarni tashkil etish, turli darajadagi aloqalarni chuqurlashtirish orqali konstruktiv siyosiy muloqotni kuchaytirishga tayyorligi ma’qullandi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya faoliyatini jadallashtirishga kelishib olindi. 2023 yili poytaxtimizda Komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish, tadbir doirasida biznes-forum tashkil etish taklifi bildirildi.

Litva bozoriga O‘zbekistondan to‘qimachilik va kimyo sanoati tovarlari, qurilish materiallari, mineral o‘g‘itlar, meva-sabzavot va boshqa turli xil mahsulotlar yetkazib berishni tashkil etish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.

Ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari, shaharlari va hududlari o‘rtasidagi aloqani mustahkamlash, o‘zaro transport va bojxona imtiyozlarini taqdim etish, mehnat migratsiyasi oqimini diversifikatsiyalash, sayyohlar almashinuvini ko‘paytirish bo‘yicha tashabbuslar ko‘rib chiqildi.

Tomonlar ta’lim, sog‘liqni saqlash sohalarida tajriba almashish va qo‘shma tadbirlar tashkil etish, O‘zbekistonda Litva oliy o‘quv yurtlari filiallarini ochish, mutaxassislar, o‘qituvchi va talabalar uchun stajirovkalar tashkil etish masalasini o‘rganishga kelishib oldilar.

O‘zbekiston va Latviyaning BMT, YeXHT va boshqa xalqaro institutlar doirasida yaqin muloqot olib borish va bir-birini qo‘llab-quvvatlashga tayyorlik tasdiqlandi.

G‘.Xonnazarov, O‘zA