So‘nggi yillarda mamlakatimiz va Kuvayt o‘rtasida keng qamrovli sheriklik munosabatlari rivojlanib bormoqda. Jumladan, ikki davlat o‘rtasida sanoat, mehnat, sog‘liqni saqlash, turizm va havo qatnovi kabi sohalar bo‘yicha hujjatlar imzolangan.
Hamkorlik doirasida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov boshchiligidagi delegatsiya Kuvaytda amaliy tashrif bilan bo‘ldi.
Tashrif dasturi doirasida Kuvayt hukumati vakillari, ishbilarmon doiralar va moliyaviy institutlar bilan muzokaralar o‘tkazildi, shuningdek, O‘zbekiston-Kuvayt Hukumatlararo qo‘shma komissiyasining 2-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Biznes-ombudsman devoni xodimi Sheroz Shodiyev ham ishtirok etdi.

Komissiya yig‘ilishi va ikki tomonlama uchrashuvlarda investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, ikki tomonlama savdoni kengaytirish, neft-gaz va neft-kimyo sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, logistika, savdo, O‘zbekiston aviakompaniyalari uchun aviatsiya yoqilg‘isini yetkazib berish, meva-sabzavot mahsulotlari eksportini kengaytirish, shuningdek, standartlarni o‘zaro tan olish va laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish kabi masalalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda so‘nggi besh yil ichida ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi besh barobardan ortiq oshgani ta’kidlandi. Hamkorlikning asosiy istiqbolli yo‘nalishlari sifatida agrosanoat majmuasi, neft-kimyo, infratuzilma, transport va logistika, raqamli hamda moliyaviy xizmatlar belgilandi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston-Kuvayt biznes-forumi va “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasida ham ishtirok etilib, elektron tijorat, islomiy moliya, qurilish, sanoat va sog‘liqni saqlash sohalarida Kuvayt ishbilarmon doiralari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA