So‘nggi yillarda O‘zbekiston faol tashqi siyosati doirasida Ko‘rfaz arab davlatlari bilan munosabatlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Mazkur mintaqada mamlakatimizning ishonchli hamkorlari soni kengayib bormoqda.
Bunga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 17-18 fevral kunlari Kuvaytga qilgan ilk rasmiy tashrifi yakunlari misol bo‘la oladi. Ushbu safar O‘zbekiston Ko‘rfaz mintaqasida yangi ishonchli sherikka ega bo‘lganini ko‘rsatdi. Oliy darajadagi uchrashuvda kuzatilgan samimiylik, o‘zaro ishonch muhiti va imzolangan shartnomalar ko‘lami buni tasdiqlaydi.
Siyosiy va iqtisodiy muloqot yakunlarini tahlil qilish asosida O‘zbekiston va Kuvayt munosabatlarining kelajakdagi istiqbollari bo‘yicha bir qancha muhim xulosalar qilish mumkin.
Birinchidan, O‘zbekiston va Kuvayt davlat rahbarlarining birinchi ikkitomonlama uchrashuvlari 2025 yilda O‘zbekiston mezbonlik qilishi rejalashtirilgan “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi”ning oliy darajadagi ikkinchi sammiti arafasida bo‘lib o‘tdi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, joriy yilda Kuvayt “Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi”ga raislik qilmoqda. Joriy yildagi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahatlashuv uchrashuviga esa O‘zbekiston raislik qiladi.
Shu nuqtai nazardan, ikki davlat ham mintaqaviy hamkorlikka yangi dinamika berishda muhim o‘rin tutadi.
Shu sababli rasmiy Toshkentning El-Quveyt bilan oliy darajadagi siyosiy muloqoti Ko‘rfaz davlatlari bilan ham ikkitomonlama, ham ko‘ptomonlama munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan. Ikkitomonlama hamkorlik O‘zbekistonning ichki iqtisodiy manfaatlariga xizmat qilsa, mintaqaviy muloqot platformasi esa uning tashqi siyosiy maqsadlariga mos keladi.
Bu o‘z o‘rnida Markaziy Osiyo davlatlarining siyosiy jihatdan yakdilligini – ya’ni mintaqa nomidan birgalikda va o‘zaro manfaatli qarorlar qabul qilish imkoniyatini namoyon qiladi.
Shuningdek, bu tashqi an’anaviy va yangi sheriklar bilan Markaziy Osiyoning barcha davlatlari manfaatlariga to‘liq javob beradigan hamkorlik modelini shakllantirishga xizmat qiladi.
Bunday vazifalarning amalga oshishi Markaziy Osiyoda inklyuziv iqtisodiy taraqqiyotni va uzoq muddatli siyosiy barqarorlikni ta’minlash imkoniyatlarini ochadi. Shu ma’noda, “Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi”ga a’zo davlatlar munosib sherik bo‘lishlari mumkin.
Ayniqsa, Ko‘rfaz davlatlarining birgalikdagi yirik iqtisodiy imkoniyatlari Markaziy Osiyoning keyingi taraqqiyotiga yanada katta turtki berishi kutilmokda.
Ikkinchidan, O‘zbekiston va Kuvayt o‘rtasidagi istiqboldagi hamkorlik ikki davlatning xalqaro maydonda global barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash kabi keng qamrovli ustuvor maqsadlariga mos keladi. Tashqi siyosiy kun tartibidagi o‘xshash qarashlar esa ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlovchi yana bir muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Shu sababli, muzokaralar jarayonida davlat rahbarlari mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha fikr almashib, keng qamrovli sheriklikni rivojlantirishga kelishib oldilar. Tomonlar, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT), Islom hamkorlik tashkiloti (IHT), Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) va Qo‘shilmaslik harakati kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishning muhimligini ta’kidladilar.
Uchinchidan, ikki davlat munosabatlarida iqtisodiy hamkorlik ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Shu o‘rinda oliy darajadagi uchrashuvlar arafasida O‘zbekiston-Kuvayt biznes-forumi tashkil etilganligini alohida ta’kidlash lozim. Qolaversa, O‘zbekiston prezidenti Kuvaytning bir qator yirik kompaniyalari rahbarlari bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazdi. Ularning ichida "Gulf Care General Trading" (Tibbiyot), "Kamco Invest" (investitsion banking), "Kuwait Investment Company" (investitsiya), "Al Imtiaz Investment Group" (moliya), "Action Group Holdings" (energetika/infrastruktura), "Agility Logistics" (transport) kabi yetakchi kompaniyalar bor.
Yuqoridagilarning bari tomonlar uchun ishbilarmon doiralari muloqoti ahamiyati siyosiy muloqot ahamiyatidan kam emasligini ko‘rsatmoqda. Zero ikki davlat ham hususiy tadbirkorlik rivojiga milliy iqtisodning drayveri sifatida qarashadi.
O‘zaro munosabatlarning keyingi taraqqiyoti esa, birinchi navbatda, O‘zbekiston va Kuvayt davlatlari aholisi uchun manfaatli bo‘lishi lozim. Shakllanayotgan yangi “O‘zbekiston-Kuvayt” hamkorlik modelida yuqoridagi tamoyil asosiy o‘rin tutmoqda.
Zotan O‘zbekiston davlat rahbarining Kuvaytga ilk tashrifi munosabatlarning iqtisodiy tarkibini kengaytirish uchun ayniqsa favqulodda samarali bo‘ldi.
Shu o‘rinda erishilgan muhim kelishuvlar va ularning istiqbollariga urg‘u bergan holda “O‘zbekiston-Kuvayt” munosabatlarining yangi modelining bir qancha ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tish mumkin.

Savdo sohasidagi xamkorlik. Tomonlar o‘zaro savdo almashinuvini ko‘paytirish niyatidalar. Kuvayt O‘zbekiston milliy mahsulotlari uchun yangi yirik bozorga aylanishi mumkin. Arab tomoni yiliga o‘rtacha 50 milliard dollar miqdoridagi mahsulotlarni import qiladi. Bu esa o‘zbek milliy ishlab chiqaruvchilari uchun yangi imkoniyatlarni ochadi. Shuning uchun O‘zbekiston El-Kuvayt shahrida o‘z savdo uyini ochish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Maqsad O‘zbekiston milliy mahsulotlarini Kuvaytdagi potensial xaridorlarga tanitish, milliy brendlarning tanilishini oshirish va ularning bozordagi mavqeini mustahkamlashdir.
Investitsion hamkorlikning yangi bosqichi. Kuvayt yirik investitsion imkoniyatlarga ega mamlakat sanaladi. Shu sababli O‘zbekiston arab tomoni bilan investitsion yo‘nalishda hamkorlik qilishdan manfaatdor. Yaqindagi uchrashuvda “Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi” bilan yangi hamkorlik dasturi doirasida loyihalar portfelini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilganligi bejizga emas. Qolaversa ikkitomonlama “Investitsiya platformasi” yaratish bo‘yicha rejalar e’lon qilindi. Iqtisodiy sohada imzolangan kelishuvlar to‘plami esa deyarli 5 milliard dollarni tashkil etdi.
Turizm. Kuvayt yillik xizmatlar importining deyarli yarmi turizm sohasiga to‘g‘ri keladi. Kuvaytlik sayyohlar chet ellarda 10 milliard dollardan ortiq pul sarflashadi. O‘zbekiston o‘zining boy madaniy merosi, Sharq ilm-fani va islom madaniyatining tarixiy markazlaridan biri sifatidagi maqomi tufayli Kuvaytlik sayyohlar uchun muhim turizm yo‘nalishlardan biriga aylanishi mumkin. Shu o‘rinda ikkitomonlama muzokaralarda imzolangan “2025-2027 yillarga mo‘ljallangan turizm sohasidagi qo‘shma tadbirlar Dasturi” O‘zbekistonga arab turistlar oqimini bir necha barobar ko‘paytirish imkonini beradi.
Sanoat kooperatsiyasi. Ikkitomonlama uchrashuvda sanoat sohasidagi hamkorlik bo‘yicha shartnomaning imzolanishi va Ishbilarmonlar kengashini tuzish haqidagi birgalikdagi rejalarning e’lon qilinishi orqali “O‘zbekiston-Kuvayt” qo‘shma korxonalarini yaratish yo‘lida “tamal toshi” qo‘yildi. Munosabatlarning bunday tarzda rivojlanishi ikki tomon uchun ham foydalidir. Zotan qo‘shma korxonalar ikki mamlakatning ham ishlab chiqarish potensialini oshirib, yangi ishchi o‘rinlari yaratilishiga sabab bo‘ladi. Qolaversa, sanoat kooperatsiyasi O‘zbekiston va Kuvayt uchun uchinchi davlat bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Eng muhimi, hamkorlik innovatsion yo‘nalishda ham rivojlanmoqda. Bunga “Aqlli shahar”lar qurish bo‘yicha shartnomaning imzolanishi misol bo‘ladi. Mazkur sohada O‘zbekiston Kuvaytning boy tajribasidan foydalanishi mumkin.
Zotan ikki davlat ham chuqur transformatsiya davrining ajralmas qismi hisoblanuvchi jadal urbanizatsiya bosqichini bosib o‘tmoqda. Ya’ni, shahar aholisi soni tezlik bilan ko‘paymoqda. Shuning uchun “Aqlli shahar”larni qurishdagi hamkorlik O‘zbekistonga shahar infrastrukturasini zamonaviy texnologiyalarni integratsiya qilgan holda rivojlantirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, ikki tomon o‘rtasida madaniyat, ta’lim va texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar mavjud. Bu esa iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlarning yangi bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvlari O‘zbekiston va Kuvaytga o‘zaro manfaatli hamkorlikning mutlaqo yangi modelini yaratish imkonini bermoqda. Munosabatlarning bunday tarzda rivojlanishi O‘zbekiston va Kuvayt o‘z iqtisodiy taraqqiyotlarining muhim pallasini boshdan kechirayotgan bir davrda ayniqsa foydali bo‘ladi. Qolaversa, O‘zbekiston-Kuvayt munosabatlarining yangi bosqichi “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” doirasidagi ko‘ptomonlama format rivoji uchun ham yana bir poydevor yaratadi.
Aziz Karimov
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik
va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) yetakchi ilmiy xodimi