O‘zbekiston – Kuvayt: farmatsevtika sohasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida muzokaralar o‘tkazildi
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Kuvayt shahrida ikki mamlakatning 100 dan ortiq yirik kompaniya va moliya institutlari rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan O‘zbekiston – Kuvayt biznes-forumida ishtirok etdi. Bu haqda Agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Forumda hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari sifatida agrosanoat, to‘qimachilik, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, tog‘-kon sanoati, energetika va neft-kimyo, infratuzilma, logistika, aloqa va turizm kabi sohalar belgilandi.
Biznes-forum doirasida “B2B” va “G2B” muzokaralari hamda mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda tadbirkorlar yangi foydali aloqalar o‘rnatish, qo‘shma loyihalarning amaliy jihatlari va tovarlarni yetkazib berish masalalarini muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldi.
Shu bilan birga, agentlik direktori bir qator yirik kompaniyalar rahbarlari bilan hamkorlikni rivojlantirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi.
Mohigul Qosimova, O‘zA