19-Osiyo o‘yinlarida 40 ta sport turining 61 ta yo‘nalishida musobaqalar o‘tkazilayotgan bo‘lsa, ular orasida milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismi bo‘lgan kurash bellashuvlari tashkil etilgani O‘zbekiston sport harakatining xalqaro maydondagi o‘ziga xos g‘alabasi bo‘ldi, deyish mumkin.
"Xanchjou-2022" o‘yinlari mobaynida qit’aning 45 ta davlat sportchilari kurash musobaqalarida o‘z omadini sinab ko‘rdi.
Shiddatli o‘tgan bellashuvlar yakunida to‘qqizta davlat vakillari 19-Osiyo o‘yinlarining medallari bilan taqdirlandi.
Medallar jamg‘arish borasida O‘zbekiston terma jamoasi 4 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medalga ega chiqqan holda umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi. Hamyurtlarimizdan keyingi o‘rin 2 ta oltin medalni qo‘lga kiritgan Xitoy terma jamoasiga nasib etdi.
Eron Islom Respublikasi terma jamoasi 1 ta oltin, 3 ta kumush va 1 ta bronza medaliga sazovor bo‘lib, kuchli uchlikka yakun yasadi. Kurash musobaqalarida o‘z mahoratini namoyish etgan Janubiy Koreya, Turkmaniston, Tailand va Qozog‘iston sportchilari ham sovrinli o‘rinlardan joy oldi.
Kurashning xalqaro rivojiga munosib hissa qo‘shgan mamlakatimiz sport delegatsiyasi ertaga Toshkentga qaytib keladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA