Sirdaryo viloyatida mexanik eshkak eshish sport turi bo‘yicha O‘zbekiston kubogiga start berildi. Mazkur nufuzli musobaqa mamlakat miqyosida yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, sportning ushbu texnik yo‘nalishini ommalashtirish, shuningdek, iqtidorli yosh atletlarni izlab topish va ularni qo‘llab-quvvatlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Sirdaryo viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Bo‘ronov, Rowing-canoe federatsiyasi bosh kotibi Didrix Vyacheslav, MOQ ning viloyat ijrochi direktori Bahodirxo‘ja Eshonov, Guliston olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi direktori Iftixor O‘roqov hamda soha vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Anvar Bo‘ronov ishtirokchilarni qutlar ekan, mazkur musobaqa mamlakatda mexanik eshkak eshish sport turining barqaror rivojlanishi, professional sportchilar zaxirasini shakllantirish hamda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni targ‘ib etishda alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab o‘tdi.

Ushbu musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan kelgan 450 nafarga yaqin sportchi turli yosh va vazn toifalarida g‘oliblik uchun bellashmoqda. Bellashuvlar qizg‘in va murosasiz raqobat muhitida kechayotgani musobaqaning yuqori saviyada tashkil etilganidan dalolat beradi.

Tadbir davomida sportchilarning jismoniy tayyorgarlik darajasi, texnik mahorati, harakatlarni aniq bajarish qobiliyati, shuningdek, musobaqa paytidagi irodaviy barqarorligi batafsil baholanmoqda. Eng yaxshi natijalarni qayd etgan nomzodlar g‘olib va sovrindor sifatida taqdirlanib, O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibiga tavsiya etilishi ko‘zda tutilgan.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, Sirdaryo viloyatida bunday yirik respublika musobaqalarining o‘tkazilishi hududda sport infratuzilmasi izchil rivojlanayotgani, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida texnik va suzishga oid sport turlariga qiziqish ortib borayotganining yaqqol tasdig‘idir.

Guliston shahrida 3 kun davom etadigan O‘zbekiston kubogi musobaqalari 25 dekabr kuni o‘z nihoyasiga yetadi. G‘olib va sovrindorlar shu kuni tantanali marosimda munosib ravishda taqdirlanishadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri