Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston kubogi musobaqasi davom etmoqda
18:48 / 2026-02-11

Navoiy shahridagi “So‘g‘diyona” sport majmuasida kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda.

Musobaqa avvalida ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining 2024 yil 20 dekabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va ommalashtirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori milliy sport turi – kurashni rivojlantirish, uning nufuzini yanada oshirish va jahon miqyosida keng ommalashtirish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.  

Ushbu qaror doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar 3 ming yillik shonli tarixga ega kurash sport turining halollik, shaffoflik, kuch va mahorat singari hech bir sport turida uchramaydigan jihatlarini nafaqat yurtimiz, balki jahon maydonlarida ham aks etishiga zamin yaratmoqda.  

[gallery-27602]

O‘zbekiston kurash federatsiyasi milliy sport turini ommalashtirish va uning nufuzini oshirish, xorijiy mamlakatlarda kurashni keng targ‘ib qilish, zamonaviy sport infratuzilmasini yaratish va rivojlantirish, yoshlar va kattalar o‘rtasida ommaviy sportni joriy etish hamda nufuzli xalqaro va respublika miqyosidagi musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etish borasidagi vazifalarni izchil amalga oshirib kelmoqda.

Navoiy shahrida o‘tkazilayotgan O‘zbekiston kubogi musobaqasi ham qaror ijrosining amaliy natijalaridan biridir.

Mazkur musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahridan kelgan 600 nafarga yaqin polvonlar ishtirok etmoqda. Unda erkaklar va ayollar 16 vazn toifasida bellashmoqda.  

Shuningdek, musobaqa davomida jamoaviy bahslar ham bo‘lib o‘tadi hamda unda g‘olib bo‘lgan hududiy terma jamoa a’zolari kurash bo‘yicha O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritadi.  

Musobaqalar davom etmoqda.

A. Bo‘riyev, S. Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari