Andijonda kamondan otish bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogi musobaqalari yakunlandi.
Andijon tumani Bolalar va o‘smirlar sport maktabida bo‘lib o‘tgan musobaqalarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va respublikamizning barcha viloyatlari jamoalari qatnashdi. Tarkibida 17 yoshgacha bo‘lgan 100 nafardan ziyod yosh sportchi ishtirok etgan respublika kubogi musobaqasi qizg‘in bahslarga boy bo‘ldi.


To‘rt kun davom etgan kamondan otish bo‘yicha “olimpik raid”, yakkalik, “miks” va jamoaviy yo‘nalishlarda o‘tkazilgan musobaqalarning yakuniy natijalariga ko‘ra, umumjamoa hisobida eng yuqori natijaga erishgan Farg‘ona viloyati yosh kamonchilari faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.


Musobaqada Toshkent shahri jamoasiga ikkinchi, Samarqand viloyati sportchilariga esa uchinchi o‘rin nasib etdi.
G‘oliblar tashkilotchilar tomonidan kubok, tegishli medal, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.


F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari