Mamlakatimizda kriket sport turini rivojlantirish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash, yoshlar orasida ommaviyligini ta’minlash va turli yosh toifalarida terma jamoalar va klublarni shakllantirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston va Hindiston kriket federatsiyalari o‘rtasida o‘rnatilgan amaliy aloqalar natijasida sport jamoalari ishtirokida qo‘shma yig‘inlar, amaliy mashg‘ulotlar, musobaqalar tashkil etib kelinmoqda.

– Ma’lumki, 2028 yili Amerika Qo‘shma Shtatlarining Los-Anjeles shahrida o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kriket sport turi kiritilgan. Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga muvofiq, o‘yin sport turlari xususan, kriket bo‘yicha mamlakatimiz terma jamoasining to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida ishtirokini ta’minlash ustuvor vazifamiz sanaladi. Hindistonda kriket eng ommalashgan sport turi sanaladi. Shu maqsadda, ushbu mamlakat kriket federatsiyasi bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatildi. Hamkorlikning amaliy ifodasi tufayli Toshkentning “ANFA” kriket jamoasi shu kunlarda Hindistonda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida qatnashmoqda.

Bir oylik safar davomida “ANFA” jamoasi dastlab, Kanpur shahridagi “Green Park Stadium” kriket maydonida “Kanpur Administration Team” jamoasi bilan T20 formatdagi o‘yinda qatnashdi. O‘quv-yig‘ini doirasida kecha, 4 dekabr kuni “ANFA” klubi navbatdagi T20 formatdagi musobaqada “Ranji trofi” kriket jamoasi bilan kuch sinashdi.

Rejaga muvofiq, safar davomida Hindistonning turli shtatlaridagi kriket klublarida tashkil etiladigan nazorat-o‘rtoqlik o‘yinlarida kriketchilarimizning maydonga tushishi belgilangan, – deydi O‘zbekiston kriket federatsiyasi raisi Aziz Mixliyev.
T.Ro‘ziyev, O‘zA