Buyuk Britaniyaning Birmingem shahrida Xalqaro kriket kengashi (ICC)ning navbatdagi kongressi bo‘lib o‘tdi. Mazkur kongressda dunyoda kriketni ommalashtirish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar sarhisob qilindi.
Kongress reglamentiga muvofiq, kriket rivojlanayotgan mamlakatlarning ICCga a’zolik masalalari ham muhokama qilindi. Quvonarlisi, ushbu kongressda O‘zbekiston kriket federatsiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokamaga qo‘yildi va bir ovozdan xalqaro kriket kengashining a’zoligiga qabul qilindi. Shunday qilib O‘zbekiston kriket federatsiyasi Xalqaro kriket kengashining (ICC) a’zolik ro‘yxatiga 106-davlat sifatida qabul qilindi.
– O‘zbekiston kriket federatsiyasi Xalqaro kriket kengashining a’zosiga aylangani munosabati bilan barcha yurtdoshlarimiz, sportchilarimizni muborakbod etaman. Umid qilamanki, O‘zbekiston kriketchilari ham yaratilayotgan keng imkoniyatlardan foydalanib, xalqaro musobaqalarda vatanimiz sharafini munosib himoya qilishadi, – dedi O‘zbekiston kriket federatsiyasi raisi Aziz Mixliyev.
Eslatib o‘tamiz, Xalqaro kriket kengashi (ICC)ning Osiyo mamlakatlarida kriketni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i, oliy toifali xalqaro ekspert, janob Iqbol Sikander va ICCning moliyalashtirish ishlari menejeri Nitesha Kotariylar joriy yilning 11-13 iyul kunlari Toshkentda bo‘lib, O‘zbekiston kriket federatsiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishgan va xulosalarini xalqaro kriket kengashi (ICC) rahbariyatiga taqdim etgan edi.
Ilhom RAHMONOV.
O‘zA