Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Koreya: raqamli huquqshunoslikda hamkorlik
19:36 / 2026-01-29

“Adolat” milliy huquqiy axborot markazida 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan KSP (Knowledge Sharing Program) bilimlar almashinuvi dasturi doirasida mamlakatimizga tashrif buyurgan Koreya Respublikasi delegatsiyasi vakillari bilan kengaytirilgan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik aloqalarining mantiqiy davomi sifatida, huquqiy sohani raqamlashtirish va aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishda ilg‘or xorijiy tajribani tatbiq etish maqsadida tashkil etildi. Uchrashuvda Markaz rahbariyati va soha mutaxassislari Koreya delegatsiyasi bilan huquqiy axborot tizimlarini boshqarish va modernizatsiya qilish masalalarini atroflicha muhokama qildi.

Uchrashuvda Koreya tomoni o‘zlarining eng ilg‘or ishlanmalari, xususan, sun’iy intellektga asoslangan “Lawbot” tizimini namoyish etdi. Ushbu tizim foydalanuvchilarga murakkab huquqiy masalalarda real vaqt rejimida onlayn maslahat berish imkoniyatiga egaligi bilan ahamiyatlidir. Shuningdek, Koreyada qonun hujjatlarini aholiga hayotiy vaziyatlar kesimida, infografikalar yordamida sodda va tushunarli tarzda yetkazishga xizmat qiluvchi “Easy Law” (easylaw.go.kr) platformasi faoliyati atroflicha tahlil qilindi. Ta’kidlanganidek, Janubiy Koreyaning raqamli hukumat sohasida dunyodagi yetakchi mavqei ushbu texnologiyalarning nechog‘li samarador ekanidan dalolat beradi.

O‘z navbatida, “Adolat” markazi mutaxassislari O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi – Lex.uz tizimining so‘nggi yillardagi texnik transformatsiyasi haqida taqdimot o‘tkazdi. Tizimda joriy etilgan hujjatlarni audio shaklida tinglash, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalariga jamoatchilik tomonidan takliflar berish funksiyalari hamda qidiruv algoritmlarining optimallashtirilgani koreyalik mutaxassislarda katta taassurot qoldirdi.

Muloqot yakunida tomonlar Lex.uz tizimini yanada takomillashtirish, uni boshqa davlat axborot tizimlari bilan integratsiya qilish va istiqboldagi rejalarni belgilab oldi. Koreyalik mutaxassislar O‘zbekistonda huquqiy axborot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va sohadagi ijobiy o‘zgarishlarni yuqori baholab, ikki davlat o‘rtasidagi mazkur strategik sheriklik huquq ustuvorligini ta’minlash va aholiga sifatli huquqiy xizmat ko‘rsatishda yangi bosqichni boshlab berishini ta’kidladi.

Bu kabi loyihalar mamlakatimizda raqamli huquqiy muhitni shakllantirish va “Davlat – inson uchun” tamoyilini hayotga tatbiq etishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zA