Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasining Madaniyat, turizm va sport qo‘mitasi raisi va “Koreya-O‘zbekiston” parlament do‘stlik guruhi rahbari Kim Gyo Xon bilan uchrashdi.
Unda O‘zbekiston-Koreya munosabatlarining hozirgi holati va ularni, shu jumladan, ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlik orqali yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Koreya Respublikasi ishonch, do‘stlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga asoslangan uzoq muddatli sheriklikni izchil rivojlantirayotgani ta’kidlandi.

Ikki davlat rahbarlarining 2025 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvi ikki tomonlama aloqalarga yanada turtki bergani qayd etildi.
Ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar yangi va doimiy xususiyatga ega bo‘lgani alohida ta’kidlandi. Parlamentlar sog‘liqni saqlash, raqamli texnologiyalar, iqlim kun tartibi, sport va boshqa sohalarda muloqotni chuqurlashtirish uchun katta salohiyatga ega ekanligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida parlamentlararo hamkorlikni yanada faollashtirish va oliy darajada erishilgan O‘zbekiston-Koreya kelishuvlarining o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi ustidan parlament nazoratini ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
N.Abdurimova, O‘zA