Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston-Koreya Hukumatlararo qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi to‘g‘risida
19:46 / 2020-11-06

Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Koreya Hukumatlararo qo‘mitasining 10-chi yig‘ilishi videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Koreya Respublikasi savdo, sanoat va energetika vaziri Song Yun Mo raisligida kechdi.

Kun tartibidagi muhim masalalar bo‘yicha fikr almashish davomida har ikki tomon qishloq xo‘jaligi, energetika, sog‘liqni saqlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, farmatsevtika, yengil sanoat, shuningdek, bank-moliya sektorida ko‘p qirrali aloqalarni kengaytirishga qat’iy sodiqlik izhor etdi.

O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi tovar aylanmasi hajmi sezilarli o‘sgani qayd etildi. Shu bilan birga tomonlar ayni yo‘nalishda foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjudligini ta’kidlab, shu munosabat bilan yaqin kelajakda yiliga 5 milliard dollarlik mahsulot ayirboshlashga erishish maqsadida o‘zaro savdo aloqalarini chuqurlashtirish bo‘yicha rejalarni belgilab oldilar. Shu nuqtai nazardan, savdo jarayonidagi to‘siqlarni bartaraf etish hamda ikki davlat kompaniyalari tomonidan tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirish uchun eng qulay sharoitlarni yaratish bo‘yicha aniq takliflar ham bildirildi.

Investitsiya sohasidagi muvaffaqiyatli hamkorlikni kengaytirish istiqboli muhokama qilindi. Hozirgi vaqtda 2017 yil noyabr oyida Koreyaga va 2019 yil aprel oyida O‘zbekistonga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashriflar davomida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, neft-kimyo, tog‘-metallurgiya, energetika, to‘qimachilik sanoati, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish va meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirilayotgani aytib o‘tildi.

Shu bilan birga, tomonlar eng istiqbolli yo‘nalishlarda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish orqali investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish va diversifikatsiya qilish uchun bir qator shart-sharoitlar mavjudligini ta’kidladilar. Ushbu yo‘nalishda yaqin hamkorlikda ishlashga kelishib olindi. Tadbir yakunida erishilgan asosiy kelishuvlar va ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning asosiy yo‘nalishlari aks etgan Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Koreya Hukumatlararo qo‘mitasining 10-chi yig‘ilishi bayonnomasi imzolandi.