Jizzax viloyati hokimligida viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev Janubiy Koreya Respublikasidan tashrif buyurgan investorlar delegatsiyasini qabul qildi. Delegatsiyaga agrosanoat va ekologik texnologiyalar sohasida faoliyat yurituvchi “K-Farm Solution Co., Ltd” kompaniyasi bosh direktori janob Y.H. Cho rahbarlik qilmoqda.
Uchrashuvda viloyatda investitsiya faoliyati uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, xususan, soliq va bojxona imtiyozlari, infratuzilmaviy imkoniyatlar hamda investorlar bilan ishlashda ochiqlik va shaffoflik tamoyillari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, Jizzax viloyatida Janubiy Koreya ishtirokidagi qator qo‘shma korxonalar, jumladan, avtomobilsozlik va sanoatning boshqa yo‘nalishlaridagi loyihalar samarali faoliyat yuritayotgani ta’kidlandi.
Muzokaralar davomida koreyalik investorlar tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida qo‘shma korxona tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Ushbu loyiha unumdorligi pasaygan yer maydonlarini tiklash, sho‘rlanishga qarshi kurashish, tuproq unumdorligini oshirish hamda shahar va qishloq hududlarida yashil maydonlarni kengaytirishga qaratilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘shma korxona faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun taxminan 5 milliard Janubiy Koreya voni, ya’ni taxminan 3 million 390 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish rejalashtirilmoqda. Loyiha uch yillik bosqichlarda amalga oshirilib, mahalliy imkoniyatlar Janubiy Koreyaning ilg‘or agrotexnologiyalari bilan uyg‘unlashtiriladi. Bu fermer xo‘jaliklari daromadini oshirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini ko‘paytirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Tashrif doirasida ta’lim sohasidagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi. Delegatsiya tarkibida ishtirok etgan mutaxassislar tomonidan zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish, mahalliy kadrlar tayyorlash sifatini oshirish va ilg‘or koreya tajribasini qo‘llash bo‘yicha takliflar bildirildi.

Uchrashuv yakunida viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev mazkur tashabbuslar Prezidentning 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidlab, loyihani amalga oshirish yuzasidan tegishli mutasaddi tashkilotlarga aniq vazifalar yukladi.
Tadbir yakunida koreyalik nufuzli mehmonlar uchrashuv ikki tomonlama manfaatli bo‘lganini, mazkur muloqot O‘zbekiston – Koreya o‘rtasidagi do‘stona hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlashdi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri