English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston-Koreya: erishilgan kelishuvlar ikki mintaqa taraqqiyotida yangi sahifa ochilishiga xizmat qiladi
17:27 / 2024-06-16

Munosabat

O‘zbekiston va Koreya geografik jihatdan bir-biridan uzoqda joylashgan davlatlar bo‘lishiga qaramay, ularni tarixiy-madaniy aloqalar va insoniy rishtalar bog‘lab turadi. Sabab, ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar uzoq yillik tarixga borib taqaladi. Qadimdan koreys hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisi o‘rtasida savdo aloqalari faol olib borilgan. Bunga qadimiy Afrosiyob qazilmalari devorida aks ettirilgan koreyaliklar tasviri ham misol bo‘la oladi.

Hozir ham O‘zbekistonda 172 mingdan ziyod koreys millatiga mansub insonlar istiqomat qiladi, bu Markaziy Osiyoda yashayotgan 300 ming koreyslar umumiy sonining yarmidan ko‘pidir. Qolaversa koreys xalqi o‘zbek jamiyatida ahil-inoq yashab, o‘zining mehnatsevarligi bilan O‘zbekistonning turli sohalarda rivojlanishiga munosib hissa qo‘shmoqda. O‘z navbatida o‘n minglab o‘zbekistonlik yoshlar Janubiy Koreyada o‘qib ta’lim olayotgan bo‘lsa, yana minglab vatandoshlarimiz u yerda mehnat qilib Koreya davlati rivojiga o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqda.

Yaqin tarixda bog‘langan munosabatlar rishtasiga nazar solsak, Koreya Respublikasi hamda O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992 yilda o‘rnatilgan. O‘tgan 32 yillik vaqt davomida avtomobilsozlik, energetika, maishiy texnika, to‘qimachilik, moliya, telekommunikatsiyalar va boshqa bir qator yo‘nalishlarda iqtisodiy hamkorlik loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirib kelinmoqda.

Ushbu do‘stona aloqalar rivojida ikki mamlakat yetakchilari o‘rtasidagi doimiy muloqotlar hamda bundan besh yil oldin O‘zbekiston va Koreya alohida strategik sheriklik munosabatlari to‘g‘risidagi bitimning o‘rni yuqori albatta. So‘nggi yetti yillikda Koreya Respublikasi O‘zbekistonning yetakchi savdo va investitsiya hamkorlaridan biriga aylandi. Birgina 2023 yilning o‘zida tovar ayirboshlash hajmi 2,5 milliard dollarni tashkil etdi, koreys investitsiyalari hajmi esa 7,5 milliard dollardan oshdi.

Ushbu ijobiy o‘zgarishlar madaniy gumanitar yo‘nalishlarda ham faol jadallashmoqda, Jumladan, mamlakatimizga tashrif buyuruvchi koreyalik turistlar oqimi ortib bormoqda, ularga qulaylik yaratish maqsadida Toshkent va Seul o‘rtasida bir haftada 10 ta aviaparvoz amalga oshirilmoqda. Shuningdek, respublikamizda Koreya yetakchi oliygohlarining 4 ta filiali muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. O‘z navbatida, Janubiy Koreyada 11 mingdan ortiq o‘zbekistonlik talaba ta’lim olmoqda. Bugungi kunda Koreya madaniyati uyi, Ko‘p tarmoqli bolalar klinikasi, Toshkentdagi Seul bog‘i va Seul ko‘chasi do‘stlik va hamkorlikning haqiqiy ramziga aylanib ulgurgan.  

Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yolning bu galgi davlat tashrifi va uning doirasida erishilgan natijalar hamkorlik salohiyatidan yanada samarali foydalanish, yuqori texnologik loyihalarni aniqlash va ilgari surish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishga xizmat qilganligi bilan yanada ahamiyatlidir.

Jumladan, ikki davlat delegatsiyalari ishtirokida bo‘lib o‘tgan muloqotlar yakunida davlat rahbarlari alohida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va har tomonlama kengaytirish to‘g‘risidagi Qo‘shma bayonotni imzoladilar. Shu bilan birga, iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamg‘armasi bilan hukumatlararo bitim, Koreya Eksport-import banki va Hyundai Rotem kompaniyasi bilan tezyurar elektr poyezdlarini xarid qilish va yetkazib berish, «Toshkent Farma Park» innovatsion farmatsevtika klasteri loyihasini amalga oshirish, O‘zbekiston davlat xizmatchilari salohiyatini oshirish sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitimlar hamda tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2025–2027 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturlari kabi 17 ta shartnoma imzolandi.

Shuningdek, muzokaralar chog‘ida kelgusi 3 yil uchun O‘zbekiston-Koreya alohida strategik sherikligining yangi yuqori texnologiyali kun tartibini shakllantirish muhimligi ta’kidlandi. Buning uchun ikki davlat hukumatlari hamkorligida O‘zbekistonda mintaqaviy yuqori texnologik xab yaratish bo‘yicha strategik dastur tayyorlanishi belgilandi.

Strategik dastur doirasida mineral resurslar, yarimo‘tkazgichlar kabi sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, «Yashil» vodorod va ammiak ishlab chiqarish, shuningdek, tayyor rezin-texnika mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihalarni tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Shu o‘rinda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihat O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida boshlangan iqtisodiy loyihalar qisqa vaqt ichida o‘zining ijobiy natijalarini ko‘rsatgan. Fikrimiz tasdig‘i sifatida aytish mumkinki, joriy yil bahorida Jizzax viloyatida KIA avtomobillarini yig‘ish liniyasi ishga tushirilgan edi. O‘tgan 2-3 oylik vaqt davomida ushbu rusumli avtomobil xaridorlar ko‘nglidan joy olib ulgurdi. Kelgusi yilda yiliga 60 mingdan ortiq sedan ishlab chiqarishni boshlash rejalashtirilgan.  

Shuningdek, yana bir istiqbolli loyiha, bu «Jizzax» erkin iqtisodiy zonasida optik tolali aloqa kabellarini ishlab chiqarish maqsadida tashkil etilgan «Global Optical Communication Uzbyekistan» mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi O‘zbekiston – Janubiy Koreya qo‘shma korxonasidir. Ushbu korxonaga 2019 yili «Oʼzbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi va Janubiy Koreyaning «Global Optical Communication Co. Ltd.» hamda «Uni Asset Global Co. Ltd.» kompaniyalari bilan birgalikda asos solingan.

Hozirda korxonada import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha jadal ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, korxona ishga tushirilishining birinchi bosqichida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi 32 foizni tashkil etgan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda, ya’ni bugungi kunda bu ko‘rsatgich 60 foizdan ortgan.

Quvonarlisi, «Global Optical Communication» O‘zbekiston – Janubiy Koreya qo‘shma korxonasida bugungi kunda yaratilgan daromadli yangi ish o‘rinlarida mehnat qilayotgan 115 nafar ishchi-xizmatchining asosiy qismini mahalliy yoshlar tashkil etadi.

Albatta, bu galgi tashrif va uning doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, qolaversa, istiqbolga yo‘naltirilgan maqsadlarning belgilab olinganligi yaqin kelajakda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar rivojida yangi sahifa ochilishiga xizmat qiladi. Qolaversa, ushbu loyihalar rivoji ikki mintaqadagi qo‘shni davlatlarning iqtisodiy taraqqiyotida ham muhim ahamiyat kasb etadi.  

Muzafara Abdiyeva,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA