Toshkentda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, O‘zbekiston - Koreya biznes uyushmasi hamda mamlakatimizning Seuldagi elchixonasi hamkorligida “O‘zbekiston - Koreya biznes forumi” tashkil etildi.
Tadbirda ikki mamlakat vazirlik, idoralari va ishbilarmon doira vakillari, shuningdek, “KAKAO Group”, “Somang Global”, “Hanshin Engineering & Construction”, “Posco International”, “HYUNDAI Construction”, “DRB Group”, “Dae Woo Construction”, “ERA KOREA Co,. Ltd” kabi yirik kompaniyalar rahbarlari qatnashdi.
Umuman, Koreya delegatsiyasi tarkibi 115 kompaniyaning 200 vakilidan iborat bo‘ldi.
Forumning tantanali ochilish marosimida ikkala tomon ma’ruzachilari ishtirokchilar e’tiborini O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatning joriy holati va istiqboliga qaratdi. Investitsiya, sanoat, savdo yo‘nalishlaridagi muvaffaqiyat alohida ta’kidlab o‘tildi Hamkorlar mavjud aloqani mustahkamlashga faol intilayotgani qayd etildi. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, to‘qimachilik, tog‘-kon sanoati, elektrotexnika, farmatsevtika va boshqa sohalarda sheriklikni yanada rivojlantirish uchun salohiyat yuqoriligi qayd etildi.
[gallery-7852]
Anjuman doirasida tashkil etilgan B2B va B2G formatidagi uchrashuvlar ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari o‘rtasidagi faol biznes hamkorlikka qiziqish ortayotganini ko‘rsatdi.
Ochiq, samimiy ruhda kechgan muloqot davomida tomonlar aniq loyiha takliflari asosida sheriklik istiqbolini atroflicha muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldilar.
Marosimning birinchi kuni yakunida Toshkent Sharqshunoslik universiteti, Koreya-O‘zbekiston biznes uyushmasi va “Edulink Global Co., Ltd.” kompaniyasi o‘rtasida akademik almashinuv hamda qo‘shma ta’lim loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.
Koreya Respublikasi delegatsiyasining diyorimizga tashrifi 7 iyulga qadar davom etadi.
Uchrashuvlar yakunida qishloq xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, shahar infratuzilmasini qurish va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirish bo‘yicha shartnomalar imzolanishi kutilyapti.
Ulug‘bek Mahmirzayev, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA