Yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi “Koreya – O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik assotsiatsiyasi raisi Pak Kvang On boshchiligidagi delegatsiya a’zolari kecha Samarqandga keldi.
Samarqand temir yo‘l vokzalida mehmonlarni viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov kutib oldi. Mehmonlar Mirzo Ulug‘bek muzey-majmuasi, Xo‘ja Doniyor maqbarasi, Shohi Zinda yodgorligi va boshqa tarixiy obidalar, diqqatga sazovor joylar bilan tanishdi. Ularga mazkur majmualar tarixi bilan bog‘liq ma’lumotlar berildi.

“Afrosiyob” muzeyidagi noyob tarixiy ashyolar, xususan, devoriy suratlar koreyaliklarda katta qiziqish uyg‘otdi.
– Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar yaqin yillarda emas, bundan 1300 yil avval boshlangan, – dedi Pak Kvang On. – Buni qadimiy Samarqand shahri xarobalari o‘rnidan topilgan va ayni paytda “Afrosiyob” muzeyida saqlanayotgan devoriy suratlar ham isbotlaydi.

Unda Samarqand hukmdori bir qator davlatlar, xususan, bizning mamlakat elchilarini qabul qilayotgan marosim aks etgan. Ming yillikdan ortiq tarixga ega do‘stlik va hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash va rivojlantirish bugun bizning vazifamiz hisoblanadi.


G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA