Bosh qomusimizning “Jamiyatning iqtisodiy negizlari”ga bag‘ishlangan bobida iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligi kafolatlanishi e’tirof etilgan.
Ushbu konstitutsiyaviy kafolatlarni amalda ta’minlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes ombudsman) Toshkent shahar shu’basi yetakchi inspektori Bahrom Bobomurodov so‘zlab berdi:
– Mamlakat Asosiy qonunida O‘zbekiston Respublikasida barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi ta’minlanishi qayd etilgan.

Xususiy mulk daxlsizdir. Mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emas.
Davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlaydi.
Biznes ombudsman tadbirkorlarning huquqlari ta’minlanishiga qaratilgan kompleks choralarni izchil amalga oshirib kelmoqda. Ayniqsa, tadbirkorlik sub’ektlarining o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan bergan shikoyatlari o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmoqda.
Misol uchun, “Xuanji” mas’uliyati cheklangan jamiyatida kameral soliq tekshiruvi o‘tkazilgan. Soliq organi qarori asosida tadbirkorga 5,4 milliard so‘mdan ziyod qo‘shimcha soliq hisoblangan.
Toshkent tumanlararo ma’muriy sudining hal qiluv qarori asosida soliq boshqarmasining qarori haqiqiy emas, deb topilgan. Inkasso topshiriqnomalarini qo‘yishda ifodalangan harakatlari qonunga xilof, deb topilgan.
Qayta o‘tkazilgan tekshiruv natijalari bo‘yicha jamiyatga 4,1 milliard so‘mdan ziyodroq qo‘shimcha soliq hisoblangan. Sudning hal qiluv qarori asosida boshqarmaning bu qarori ham haqiqiy emas, deb topilgan.
Mazkur holatni Biznes ombudsman o‘rganib chiqdi. Natijada vakil devoni xodimlari tomonidan qo‘yilgan qonuniy talablari asosida jamiyatga hisoblangan qo‘shimcha soliq so‘mmasi bartaraf etildi.
Vakil devoni xodimlari “Tashkent international school” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan bog‘liq holatni ham ko‘rib chiqdi. Vakilning qonuniy talablari asosida tadbirkorga hisoblangan ustama bekor qilindi va jamiyatning 70 million so‘m miqdoridagi ortiqcha to‘lovi jamiyat hisobvarag‘iga qaytarilishi ta’minlandi.
Umuman, Biznes ombudsmanga murojaat qilayotgan har bir tadbirkorning murojaatlari o‘z vaqtida qonuniy hal qilinmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA