Mamlakatimiz Asosiy qonuniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi. O‘z navbatida, aynan Bosh qomusimiz qonun ustuvorligining muhim kafolatidir.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti dotsenti Zarina Isroilova shu haqda fikr bildirdi:
– Bosh qomusimizda Konstitutsiya va qonunning ustunligi haqida alohida bob kiritilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalari bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismidir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining qonunida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalari qo‘llaniladi.
Davlat va uning organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish yuritadi.
Mazkur bobda kafolatlab qo‘yilgan tamoyillar “O‘zbekiston – huquqiy davlat” degan g‘oyaning asosini tashkil etadi. Zotan, huquqiy davlatda barcha sohalarda, eng avvalo, qonuniy asoslarga tayanilgan holda ish yuritiladi. Bu qonuniy asoslar esa Bosh qomusimizdan boshlanadi va, o‘z navbatida, uning o‘zi buning kafili bo‘lib xizmat qiladi.
Prezidentimiz qayd etganidek, “Biz keyingi vaqtlarda “Qonun – muqaddas, har qanday holatda ham adolatni qaror toptirish shart!” degan ezgu tamoyilni jamiyatning har bir a’zosi, ayniqsa, mansabdorlar uchun hayotiy qoidaga aylantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 8 maydagi “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida yangi tahrirdagi Konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega ekanidan kelib chiqib, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va so‘zsiz qo‘llanilishi belgilangan.
Mazkur farmon asosida barcha qonun hujjatlari yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyaga muvofiqlashtirildi. Ushbu farmon bilan “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan kelib chiqadigan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlandi.
2025 yil 21 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Prezident farmoyishida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi o‘ttiz uch yilligini munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash, fuqarolarni unda belgilangan ezgu qadriyatlar atrofida birlashtirish, “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan ma’naviy-ma’rifiy hamda boshqa tadbirlarni samarali tashkil etish belgilandi.
Shundan kelib chiqib amalga oshirilayotgan tadbirlarda ham Konstitutsiyada belgilangan xalq hokimiyati, inson qadri, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik kabi ezgu g‘oyalarning yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda o‘z aksini topayotgani ko‘rsatib berilmoqda.
Xususan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Konstitutsiya darslari tashkil etilib, unda Konstitutsiya asosida inson huquq va erkinliklari sohasida mutlaqo yangi bosqichga o‘tilgani ochib berilmoqda.
Bunday tadbirlar yoshlar qalbida mamlakat Asosiy qonuniga hurmat hissini shakllantirish bilan birga, inson huquqlariga rioya etish, buni amalda ta’minlashdek huquqiy madaniyatni shakllantiradi.
N.Abduraimova,
O‘zA