Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston kompaniyasi “Tolibon” bilan gaz qazib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi
16:05 / 2024-10-11

Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati O‘zbekiston kompaniyasi bilan Afg‘oniston shimolidagi Jauzjon va Faryob viloyatida joylashgan “To‘ti Maydon” konida tabiiy gazni qidirish va qazib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu haqda “Tolo news” nashri xabar bermoqda.

Kon va neft vaziri vazifasini bajaruvchi Hidoyatulloh Badriy aytishicha, bitim o‘n yil amal qiladi va 1 milliard dollarlik sarmoyani nazarda tutadi.

Shartnoma kecha Afg‘oniston muvaqqat hukumati Bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul G‘ani Barodar hamda O‘zbekiston kompaniyasi vakili tomonidan imzolandi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, qazib olingan gaz yordamida dastlabki ikki yil 100 megavatt elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Shuningdek, u “To‘ti Maydon”dagi gaz zaxirasi taxminan 7 ming kvadrat kilometr maydonni egallagani, qazib olish boshlanishi bilan zangori olovga ehtiyoj salmoqli darajada qoplanishini qayd etdi.

– Kelishuv yangi ish o‘rinlari yaratish orqali mamlakat fuqarolari daromadini oshirish imkonini beradi, – dedi u.

O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev ushbu qo‘shni davlatga kiritilayotgan sarmoya iqtisodiy sharoitni yaxshilashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Avvalroq, “Tolibon” Kon va neft vazirligi so‘nggi uch yilda mahalliy va xorijiy kompaniyalar bilan 7 milliard dollardan ortiq qiymatdagi muhim shartnomalar imzolaganini ma’lum qilgan edi.

O‘tkir Alimov, O‘zA