Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida savdo hajmi 6 foizga o‘sdi
13:12 / 2022-08-02

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan joriy yilning birinchi yarmi uchun ko‘chmas mulk bozoridagi holat tahlil qilindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozoridagi savdo hajmi 6 foizga o‘sgan.

Xususan,  O‘zbekistonda joriy yilning birinchi yarmida 126 ming dona ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari rasmiylashtirildi. Bu 2021 yilning ushbu davriga (119 ming) nisbatan 6 foizga ko‘p.

Hududlar kesimida joriy yilning 6 oyi davomida eng yuqori o‘sish sur’atlari Xorazm (24 foiz), Buxoro (22 foiz), Surxondaryo (16 foiz), Jizzax (13 foiz), Namangan (13 foiz), Qashqadaryo (12 foiz) va Farg‘ona (11 foiz) viloyatlarida kuzatildi.

Shu bilan birga, ko‘chmas mulk bozoridagi oldi-sotdi shartnomalar sonining nisbatan past o‘sish sur’atlari Toshkent viloyatida (-7foiz) qayd etildi, Sirdaryo viloyatida (-1 foiz) faollikning birmuncha pasayishi kuzatildi.

Poytaxtda joriy yilning birinchi yarmida ko‘chmas mulkni sotib olish va sotish bo‘yicha tuzilgan shartnomalar soni biroz oshdi (+1 foiz) va 37,446 tani tashkil etdi.

O‘tgan yilning mos davrida ko‘chmas mulk oldi-sotdisining 21 foizi ipoteka kreditlari orqali moliyalashtirilgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu ko‘rsatkich 28 foizdan oshdi. Shu bilan birga, birlamchi bozorda 45 mingga yaqin yangi uy-joylar qurib topshirilgan (o‘sish 32 foiz). 

Ikkilamchi uy-joy bozoridagi narxlar...

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022 yilning birinchi yarmida ikkilamchi bozorda o‘rtacha uy-joy narxlari 7,1 foizga o‘sdi.

Hududlar kesimida joriy yilning birinchi yarmida uy-joy ko‘chmas mulk narxlarining eng katta o‘sish sur’atlari Toshkent (15,6 foiz), Navoiy (15 foiz), Surxondaryo (13,3foiz) va Sirdaryo (11,5 foiz) viloyatlarida kuzatilgan, Namangan (-13,3 foiz) va Samarqand (-1,3foiz) viloyatlarida uy-joy narxlari pasaygan.

Yil boshidan buyon Toshkent shahrida ikkilamchi bozorda uy-joy narxlari 11,3 foizga oshgan (birinchi chorakda 6,5 foizga; ikkinchi chorakda 4,3 foizga o‘sgan). Shu bilan birga, uy-joy narxining o‘sishi barcha tumanlarda qayd etildi. Eng katta o‘sish Mirzo-Ulug‘bek (18,7 foiz), Yakkasaroy (16 foiz) va Yashnobod (14,3 foiz) tumanlarida kuzatildi.


O‘zA