Bugun “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi koordinatori Raluka Dumitresku hamda O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi raisi Murtazo Rahmatov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir "Cotton Campaign"ning O‘zbekistondan kalava ip, tikuv-trikotaj va to‘qimachilik mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha asosiy dasturi doirasida tashkil etildi. Unda yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan paxta-to‘qimachilik klasterlarini xalqaro brendlar hamda Yevropadagi yirik to‘qimachilik kompaniyalarining ishlab chiqarish zanjiriga ulash masalasi muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, uning manfaatlarini har tomonlama himoya qilish islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Buning samarasi o‘laroq, qishloq xo‘jaligiga bozor tamoyillarini tatbiq etish, sohada munosib mehnat sharoitlarini yaratish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz g‘oyasi asosida paxta yetishtirish va uni chuqur qayta ishlashning klaster usuli joriy etilgach, paxta yig‘im-terimida bolalar mehnati va majburiy mehnatga butkul barham berildi. Bu esa “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan tan olinib, o‘zbek paxtasiga e’lon qilingan global boykot bekor qilindi.
Mehmon o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan taqiq yechilgach, O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik sanoatining tashqi bozordagi jozibadorligi ortganini e’tirof etdi. “C&A”, "Gap Inc.", “H&M”, “Levi Strauss & Co.", “Tesco”, “Walmart”, “Nike”, “Zara” kabi dunyo to‘qimachilik bozorida yetakchi bo‘lgan yirik brendlar va riteylerlar O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish uchun amaliy harakatlarni boshlab yuborgani shundan dalolat beradi.
– Yaqinda biz O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqayotgan 100 dan ortiq xalqaro brend va kompaniyalar bilan uchrashuv o‘tkazdik, – deydi “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi koordinatori Raluka Dumitresku. – Ularni shartli ravishda ikki guruhga ajratish mumkin. Birinchisi, yurtingizda ishlab chiqarilgan yarim tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, xususan, kalava ip oldi-sotdisini yo‘lga qo‘yish niyatida bo‘lsa, ikkinchisi, tayyor mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish yoki ularni shu yerda ishlab chiqarishdan manfaatdordir. Bu borada ular yakuniy qaror qabul qilishlarida bizning tavsiyalarimiz muhim ahamiyatga ega.
Ayni paytda O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi tizimida 134 ta klaster faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ishchi-xodimlarning mehnat huquqlarini ta’minlash birinchi o‘ringa qo‘yilgan. Paxta yetishtirish va hosilni yig‘ishtirib olishda qo‘l mehnatini kamaytirish, mexanizatsiyalashtirish darajasini oshirish ustida izlanmoqda.
Mashina-traktor parklari zamonaviy texnikalar bilan to‘ldirilmoqda. Maqsad bitta, u ham bo‘lsa, o‘tmishdagi xatolarni takrorlamasdan paxtachilikni eng serdaromad tarmoqlardan biriga aylantirishdir.

– Ayni paytda mavjud paxta-to‘qimachilik klasterlarining qariyb teng yarmi qayta ishlash quvvatlariga ega, – deydi O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi raisi, senator Murtazo Rahmatov. – Yaqin yillar ichida qolgan klasterlarda ham to‘liq sanoat zanjiri yaratiladi. Bu xalqaro brendlar bilan hamkorlik qilish, ularning buyurtmalarini olish uchun salohiyatga ega ekanligimizdan dalolatdir.
Tadbirda paxtachilik tarmog‘ida shaffoflikni oshirish, axborot olish imkoniyatlarini kengaytish masalalari ham muhokama qilindi.
“Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi vakili bugungi uchrashuvdan mamnunligini bildirdi.
O‘zA