Surxondaryo viloyatining Angor tumanidagi 12-umumta’lim maktabida tumandagi maktab kutubxonalari xodimlari uchun “O‘zbekiston – kitobxonlar yurti” mavzuiga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
Seminarda o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning kitob mutolaasiga qiziqishini oshirish va kutubxonalar faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Tadbirda tuman hokimi Qosim Mardonov yosh avlod tarbiyasi va kamolotida kitobning o‘rni, ularning ma’naviy tafakkur qilish madaniyatini oshirishdagi ahamiyati haqida atroflicha so‘z yuritdi.

– Zamon shiddat bilan rivojlanayotgan hozirgi davrda o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishda kitobxonlikning alohida o‘rni bo‘lishi kerak, – dedi tuman rahbari. – Ularni kitob bilan do‘st tutinishga ota-onasi, o‘qituvchilari bilan birga maktab kutubxonachilari alohida e’tibor qaratishi lozim. Kitob bolani turli salbiy illatlardan asrab, ma’naviy dunyoqarashini kengaytiradi. Kitobga muhabbat uyg‘ongan, kitob orqali sayyoramizni anglagan yoshu keksa millatimizga yot yomon illatlardan yiroq bo‘ladi. Hamisha ezgulik haqida o‘ylab, ezgu amallarni bajarishga intiladi. O‘quvchilar ongiga bunday fazilatlarni chuqur singdirishda maktab kutubxonachilari ham samarali xizmat qilishi lozim.

Tadbirda o‘quvchilarning badiiy chiqishlari va kitobxonlikka bag‘ishlangan taqdimotlari namoyish etildi.

Seminar doirasida Qosim Mardonov maktab kutubxonasida kitobxonlar uchun yaratilgan sharoitlar va kitob fondi bilan qiziqdi. Mavjud kitoblar va o‘quv qo‘llanmalari holatini o‘rganib, ta’lim muassasasi mutasaddilariga tegishli tavsiyalarini bildirdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA