Biroq, yaxshi kishmish hosil bo‘ladigan danaksiz uzum navlarini yetishtirish juda murakkab. Uzum seleksiyasiga ilg‘or innovatsion usullarni joriy qilinayotgani esa yangi eksportbop navlarni yaratish, sifatli kishmishlar tayyorlash imkonini bermoqda.
O‘zbekistonga baho berilganda uning shirindan shakar mevalari birinchi bo‘lib tilga olinadi. Chunki serquyosh o‘lkamizda yetishtiriladigan meva-chevalar shirasi yuqoriligi, mazasi betakrorligi bilan ajralib turadi.
Ayniqsa, zaminimizda yetishtirilgan mevalar quritilganda yangi, yanada yaxshiroq, uzoq saqlash mumkin bo‘lgan mahsulotlarga aylanadi. Qachonki, xorijliklar yurtimizga kelsa, “Eski jo‘va” bozoridagi quritilgan mevalar rastasiga bormay keta olmasligini ko‘pchilik yaxshi biladi.
Xususan, quritilgan danaksiz uzumlardan hosil bo‘lgan kishmishlar xaridorlarning doimiy e’tiborida. Chunki mazasi bo‘yicha bemalol qand bilan bahslasha oladigan kishmishlar nafaqat ozuqa, balki darmondori, shifobaxshlik xususiyatlariga ega bo‘lgan tabiiy mahsulot hisoblanadi.
bugungi kunda uzumning aynan danaksiz navi va uning quritilganiga dunyo bozorida talab yuqori. Shuning uchun shunday uzum navlarini yetishtirish va uni ko‘paytirish yo‘lida olimlarimiz qator tadqiqotlar olib bormoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi kichik ilmiy xodimi Sa’dulla Abdullayev ustozi – biologiya fanlari doktori Zabardast Bo‘riyev hamda “Shuhrat” medali sohibasi, biologiya fanlari doktori Xurshida Ubaydullayeva bilan birgalikda uzum seleksiyasiga biotexnologiya usullarini keng joriy qilib, yangi eksportbop navlarni yaratish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
Jahon bozorida uzum mevalari uchun alohida standartlar ham ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu standart talablari Yevropa Iqtisodiyot komissiyasi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Ayni paytda yurtimizda bir qancha danaksiz uzum navlari yetishtiriladi. Bu navlarning uzumboshlari arxitekturasi quritish uchun qulay holda joylashgan. Ya’ni ko‘pgina mahalliy “Kishmish Sug‘diyona”, “Kishmish terakli”, “Kishmish Botir” va boshqa uzum navlari singari boshlari keng yoyilib, vertikal uzunligi katta bo‘lib yetiladi.
Bu esa quritish uchun aynan kerakli shakl hisoblanib, umumiy hosildan 25 foizgacha quritilgan mahsulot olinishini ta’minlaydi. Biroq, ushbu navlar uzum boshlarini qadoqlash juda noqulay bo‘lib, bu eksport qilish imkonini cheklaydi, shuningdek, ularning hosildorligi past bo‘lib, kasalliklarga tez chalinadi.
Ushbu navlar seleksiyasida an’anaviy usullar bilan hal qilib bo‘lmaydigan bir qator muammolar mavjud. Jumladan, kishmish navlarning changlantirish qobiliyati juda pastligi, ya’ni steril changlarga egaligi danaksizlik kabi qimmatli xo‘jalik belgilarining keyingi avlodlarga o‘tish ehtimolini kamaytirib yuboradi.
Jumladan, chatishtirib olingan gibrid avlodlar urug‘larning atigi 7 foizi yoki chatishtirilgan 100 ta uzum danagidan atigi 7 tasi kishmish (danaksiz) navlar bo‘lishi mumkin.
bugungi kunda uzum seleksiyasiga ilg‘or innovatsion usullarni joriy qilish nafaqat sanab o‘tilgan muammolarni, balki uzum seleksiya siklini ham sezilarli (25-30 yil) ham sezilarli (5-6 yil) qisqartirish hamda yangi eksportbop navlarni yaratish imkonini bermoqda.
Mazkur masalalar bo‘yicha hozirda bir qator ilmiy izlanishlar olib borilyapti. Kishmish navlarning danaksizligini ularning embrionlari uzum mevasi pishib yetilmasdan avval nobud bo‘lishi bilan izohlanadi.
Natijada uzum mevasi to‘liq yetilganda, meva ichida danak bo‘lmaydi yoki danak o‘rni qoladi. Shu bois mahalliy uzum navlarining embriologiyasiga alohida e’tibor qaratib, ularning rivojlanish bosqichlari ustida tadqiqotlar olib borilmoqda.
Bu borada embrionlarni sun’iy ozuqada o‘stirish maqsadida maxsus “in vitro” usuli ishlab chiqildi. “In vitro” usulini qo‘llash orqali qimmatli xo‘jalik belgilariga ega sog‘lom o‘simlik yetishtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Gibrid avlodlarda danaksizlik belgisini aniqlash maqsadida to‘rtta molekulyar markerlar ishlab chiqilgan bo‘lib, shulardan ikkitasi SCAR-markerlar: SCC8 va SCF27 va ikkitasi mikrosatellit gen-spetsifik bo‘lmish VMC7F2 VMC6F11 markerlar hisoblanadi.
Olingan ilk gibrid avlodlarni morfologik baholash maqsadida 3-5 yil kutmasdan DNK ajratilib, maxsus markerlar yordamida genotipik jihatdan baholash ishlari ham yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa seleksiya ishlarini sezilarli darajada qisqartirib, eksportbop mahsulot yetishtirishni keng yo‘lga qo‘yishga imkon beradi.
Sevara Abdullayeva,
“Innovator” jurnalining
bosh muharriri.
O‘zA