Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida Kinochilar uyida "O‘zbekiston kino san’ati" kitob-albomining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Kitob-albom muallifi, kinoshunos olima Nigora Karimovaning ta’kidlashicha, ushbu kitob tarixiy, ilmiy, ma’rifiy materiallarga boyligi, mingdan ortiq tarixiy fotosuratlarni o‘zida jamlagani bilan ahamiyatlidir. Bu murakkab tarixiy izlanishlarning debochasidir. Kitob O‘zbekiston Markaziy Osiyoda kino san’atining vatani ekani yorqin misollar yordamida ochib berilgan. Zero, ilk kino fabrika, ilk kino namoyishi kabi omillar bunga to‘liq asos bo‘la oladi. Kitobda milliy kino san’atimiz darg‘alari Komil Yormatov, Nabi G‘aniyev, Sulaymon Xo‘jayev kabi ustozlarga oid fotomateriallar jamlangani e’tiborga molikdir.
Ushbu kitob-albom milliy kino san’atining ilk shakllanishidan boshlab to bugungacha bo‘lgan o‘ta katta davrni o‘z ichiga qamrab oladi. Bu esa milliy kino san’atining kecha yoki bugun emas, katta tarixiy davrni, murakkab taraqqiyot bosqichini bosib o‘tganini, o‘z shonli maktabiga ega ekanini anglatadi.
Nashrdagi suratlar "Kinofond" tuzilmasi hamda Kino muzeyi zahirasidagi negativlar raqamlashtirilib, ulardan eng sara deb topilgan 1000 dan ortig‘i kitob-albom uchun tanlab olindi.
- Kitob-albomni yaratishda tarixni boricha, haqqoniy o‘rganish nuqtai nazaridan yondashildi, - dedi kinoshunos, Respublika Kinofondi rahbari Eljon Abbosov. - Shunisi bilan ham bu kitob qadrlidir.
- Bir kuni Ali Hamroyev kinoga oid qimmatli negativlar chiqindilar orasida yotgani haqida so‘zlagan edilar, - dedi taniqli o‘zbek rejissyori Yusuf Roziqov. - Men bu kitobni varaqlab tushundimki, ularning 80 foizdan ortig‘ini birinchi marta ko‘rib turibman. Ular chindan ham tarixiy ahamiyatga ega. Yoshlarga milliy kino tarixiga oid vizual ma’lumot berishda juda muhimdir.
Salkam besh yuz sahifadan iborat ushbu-kitob albom uchun ma’lumot to‘plash, tadqiqotlar olib borish o‘n yillarni talab etsa-da, nashr ustida bir yil ish olib borildi.
"O‘zbekiston kino san’ati" kitob-albomi yurtimiz kino san’ati haqida yangi izlanish va tadqiqotlarga boyligi bilan o‘quvchilar e’tiborini tortishi shubhasiz. Hozircha sovg‘abop tarzda chop etilgan ushbu kitob-albomning kelgusida talaba-yoshlar uchun ommabop variantini yaratish ko‘zda tutilmoqda.
Nazokat Usmonova, O‘zA