Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston kelajagini shakllantirayotgan islohotlar ovozi
16:02 / 2025-11-07

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda jamiyatda tenglik prinsiplarini mustahkamlash yo‘nalishida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, gender tenglik masalasi milliy siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Bu boradagi amaliy ishlar nafaqat qonunchilikda, balki boshqaruv amaliyotida ham o‘z ifodasini topmoqda.

Shu ma’noda, Toshkent shahrida “Davlat boshqaruvida ayollarning roli: O‘zbekiston kelajagini shakllantirayotgan islohotlar ovozi” mavzusida bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya mamlakatdagi gender siyosatini amalga oshirishda muhim voqea bo‘ldi.

Konferensiya 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2025 yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturining 8-bandi ijrosi doirasida tashkil etildi. Uning asosiy maqsadi davlat boshqaruvida ayollar ishtirokini oshirish, ularning yetakchilik salohiyatini kuchaytirish va xalqaro tajriba asosida ilg‘or yondashuvlarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi vakillari, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) hamda xorijiy davlatlar elchixonalari vakillari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD), Jahon banki va Yevropa Ittifoqi kabi xalqaro tashkilotlar vakillari o‘z ma’ruzalarida gender siyosatini samarali amalga oshirishda qiyosiy tahlil va jahon tajribalarini taqdim etdi. Bu esa O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni xalqaro mezonlar bilan uyg‘unlashtirish imkonini yaratdi.

Ma’ruzalar va muhokamalarda davlat xizmatini isloh qilish jarayonida ayollar faolligini oshirish masalasi markaziy mavzulardan biri bo‘ldi. Qonunchilikdagi kafolatlar va imkoniyatlar hamda “Rahbar ayollar maktabi” dasturining natijalari muhokama qilindi. Bu dastur mamlakatda ayol kadrlarning strategik fikrlashi, yetakchilik va menejment kompetensiyalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. 

[gallery-26127]

Muhokamalarda ta’lim va malaka orqali ayollarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularni qaror qabul qilish jarayonlariga jalb etish mamlakat taraqqiyoti uchun strategik ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar davlat xizmatining barcha bosqichlarida ayollar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash, rahbar ayollar sonini ko‘paytirish hamda ular faoliyatidagi to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqdi. Bu taklif va tavsiyalar O‘zbekistonda gender siyosatini yanada takomillashtirish uchun muhim asos sifatida qabul qilindi.

Dildora DO‘SMATOVA,

Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA