Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston kasaba uyushmasi 120 yoshda – bank xodimlari bayramni nishonladi
23:16 / 2025-11-10

“O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” va O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligi munosabati bilan “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan bayram tadbiri tashkil etildi.

Ta’kidlash joizki, bank Kasaba uyushmasi qo‘mitasi joriy yilning yanvaridan oktabrigacha xodimlar manfaatini himoya qilish va ularni ishga bo‘lgan motivatsiyasini oshirish yo‘nalishida keng qamrovli ishlarni amalga oshirdi.

- Bugungi kunda bankdagi 3000 dan ortiq xodim Kasaba uyushmasi a’zosi bo‘lib, ular uchun sport va jismoniy faoliyatni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi, - deydi “Biznesni rivojlantirish banki” ATB axborot xizmati rahbari Shuhrat Oripov. -  

Xodimlar futbol, mini-futbol, voleibol kabi jamoaviy sport turlarida bepul qatnashish imkoniga ega bo‘ldi, shaxsiy mashg‘ulotlar (fitness, basseyn, trenajor zali) uchun esa arzonlashtirilgan abonementlar taqdim etildi. Shu bilan birga, xodimlar va ularning farzandlari yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlari va sanatoriy-dam olish maskanlarida dam olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Kasaba uyushmasi qo‘mitasi xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida turli moddiy yordamlarni taqdim etdi. Bu tug‘ilgan kunlar, nikoh to‘ylari, sog‘liqni tiklash tadbirlari kabi vaziyatlarni qamrab oladi. Shuningdek, xodimlar malakasini oshirish va yangi ko‘nikmalarni egallash uchun xorijiy tillar bo‘yicha kurslar tashkil etildi.

Xodimlarning moddiy yordamga bo‘lgan ehtiyojini qoplash maqsadida, bank Kasaba uyushmasi qo‘mitasi hisobidagi mablag‘lar va ish beruvchining maqsadli mablag‘laridan foydalanib, ariza topshirgan 111 xodimga yordam ko‘rsatdi.

Shuningdek, xodimlar va ularning oila a’zolari (ota-ona, turmush o‘rtog‘i, farzandi) mehnat ta’tili davomida, ikki yilda bir marta, O‘zbekiston Respublikasi sanatoriy-kurort muassasalarida imtiyozli davolanish va dam olish huquqiga ega. Joriy yilning o‘tgan 9 oyida 85 xodimning oila a’zolari uchun yo‘llanmalar berildi.

“Yangi O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” dasturi doirasida joriy yilning 9 oyida Jizzax viloyati, Zomin shahri, Samarqand viloyati, Farg‘ona, Namangan, Buxoro va Qashqadaryo (Miraki) hududlariga sayohatlar uyushtirildi.

Shuningdek, xodimlarning farzandlari yozgi sog‘lomlashtirish lagerlarida dam olishi uchun bank xodimlarining 157 farzandlari uchun yo‘llanmalar berildi.

Bankda yoshlar va ayol xodimlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgan. “BRB Nafis ayollar” klubi xodimlarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlashda faol ishtirok etmoqda.

Shuningdek, bayramlar, madaniy tadbirlar, sport musobaqalari, teatr va konsert chiptalari hamda sayohatlar muntazam tashkil etilib, xodimlar o‘rtasida birdamlik va ishga bo‘lgan qiziqish oshirilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, “Biznesni rivojlantirish banki” ATB Kasaba uyushmasi qo‘mitasi xodimlarni qo‘llab-quvvatlash, sport va sog‘lomlashtirish, yoshlarni rag‘batlantirish va gender tenglikni ta’minlash borasida samarali ishlarni olib bormoqda. Bu esa bank jamoasini yanada motivatsiyalangan va faol guruhga aylantirmoqda.

[gallery-26164]

Bayram tadbirida el sevgan san’atkorlar va shoirlar chiqishlari davraga ko‘tarinki ruh, cheksiz shodlik va iliq muhit olib kirdi. Tadbirning eng yorqin lahzalaridan biri — kulgu ustasi Avaz Oxunning chiqishi bo‘ldi. Ustoz san’atkor o‘ziga xos yumori, muloyim hazillari va hayotiy sahnalari bilan barcha ishtirokchilarga quvonch va iliq kayfiyat ulashdi. Uning sahnadagi erkin chiqishi va tomoshabinlar bilan jonli muloqoti tadbirga haqiqiy bayramona ruh qo‘shdi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA