Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligi” esdalik nishoni o‘z egalariga topshirildi
13:36 / 2025-11-11

11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni mamlakatimizda mehnatkash insonlarning fidokorona xizmatini qadrlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni e’tirof etish kuni sifatida keng nishonlanadi.

Bu sana, shuningdek, kasaba uyushmalari tizimining jamiyat hayotidagi o‘rni, mehnat jamoalarida birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlashdagi o‘ziga xos rolini yodga soladi. Shu munosabat bilan yurtimizda qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazida “11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” hamda kasaba uyushmalarining 120 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida mamlakatimizda 1905 yilda tashkil topgan kasaba uyushmalari harakatining ilk bosqichi, ularning tarixiy ahamiyati hamda bugungi kunda tizimda amalga oshirilayotgan islohot va tashabbuslar haqida so‘z yuritildi.

Shundan so‘ng bir qator namunali boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari raislari “O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandilar. Yig‘ilishda kasaba uyushmalarining yurtimizda adolatli mehnat munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, xodimlar manfaatlarini himoya qilish va ularning ijtimoiy faolligini oshirishdagi o‘rni haqida fikr almashildi.

Bugungi kunda Respublika kengashi tomonidan hududlarda faoliyat yuritayotgan, shuningdek, yangi tayinlangan boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi raislari uchun o‘quv kurslari tashkil etilmoqda. Mazkur o‘quv kurslar doirasida tajriba almashish, kasaba uyushmalari faoliyatini Ustav talablari va me’yoriy hujjatlar asosida yo‘lga qo‘yish, ijro intizomini mustahkamlash, hujjatlar bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ishtirokchilar tizimda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ayollar faolligini kuchaytirish hamda ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan amaliy ishlarni e’tirof etdilar.

Tadbirda O‘zbekiston Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi o‘rinbosarlari To‘xta Bozorov, Husan Begmatov, Markaz direktori Shohrux Akramov hamda Toshkent shahar birlashgan qo‘mitasi tizim tashkilotlarining bir qator kasaba uyushmasi qo‘mitasi raislari ishtirok etdilar.

Shuningdek, Markaz direktori Shohrux Akramov kasaba uyushma qo‘mitasi boshlang‘ich tashkiloti faoliyatini qo‘llab-quvvatlagani hamda O‘zbekiston Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi bilan o‘rnatilgan samarali hamkorligi uchun tashakkurnoma bilan taqdirlandi.

M.Hojiakbarova, O‘zA