Poytaxtimizda Kadastr agentligi tomonidan Jahon banki va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda O‘zbekiston hududlarini rivojlantirishda fazoviy ma’lumotlar ahamiyatiga bag‘ishlangan Milliy forum tashkil etildi.
Tadbir davomida kadastr tizimida fazoviy ma’lumotlar, ya’ni fazoviy ob’ektlar joylashuvi, shakli va boshqa xususiyatlarini o‘z ichiga olgan ma’lumotlarning iqtisodiyotni isloh qilish, urbanizatsiya jarayonlarini rivojlantirish va O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishiga moslashishdagi ahamiyati muhokama qilindi. Forumda tinglovchilarga Fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan yangi loyihalar taqdim etildi. Ular mamlakat hukumati tomonidan Yevropa Ittifoqi va Jahon bankining moliyaviy ko‘magida amalga oshiriladi.

Tadbirda vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyat organlari, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar hamjamiyati va xususiy sektordan 150 dan ortiq vakillar ishtirok etdi. Forum ishtirokchilari O‘zbekistonning Fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha qarashlari va rejalarini muhokama qildi.

Fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasining asosiy maqsadi fazoviy ma’lumotlarni shaffof yig‘ish, saqlash, boshqarish va almashishni ta’minlash, milliy va mintaqaviy ma’lumotlar bazalarini birlashtirish hamda idoralararo hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.
Forum davomida davlat organlari va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, fazoviy ma’lumotlarning yagona standartlarini ishlab chiqish, kadastr tizimini raqamlashtirish va innovatsion yondashuvlarni o‘rganish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar va boshqa mamlakatlarning fazoviy ma’lumotlar tizimini qo‘llash bo‘yicha ilg‘or tajribalari ishtirokchilarga taqdim etildi.

O‘zbekiston hukumati fazoviy ma’lumotlarni qo‘llashni taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgiladi. Ushbu ma’lumotlar yordamida hokimiyat organlari yer fondini samarali boshqarish, tabiiy resurslarni taqsimlash va infratuzilmani rivojlantirishni rejalashtirish bo‘yicha asosli qarorlar qabul qilishi mumkin. Bu transport tarmoqlarini rivojlantirish, savdo imkoniyatlarini kengaytirish, iqtisodiy o‘sish va mahalliy hamjamiyatlarning farovonligini oshirishga hissa qo‘shadi. Shu bilan birga, fazoviy ma’lumotlar O‘zbekiston hududlarining barqaror va muvozanatli rivojlanishiga xizmat qiladi.


–Forum davomida Fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasining raqamli transformatsiyasiga hissa qo‘shadigan ikki yangi loyiha taqdim etildi, – deydi Kadastr agentligi direktori o‘rinbosari Mirsaid Mirmaqsudov. –Hududlarni barqaror rivojlantirish uchun fazoviy ma’lumotlar infratuzilmasi loyihasi umumiy qiymati 35 million AQSH dollari. Loyiha Jahon banki moliyaviy ko‘magida O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan amalga oshiriladi. Maqsad kadastr tizimini modernizatsiya qilish, xususiy sektor va fuqarolar uchun fazoviy ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, FMMIni raqamlashtirish, ma’lumotlar almashinuvini yaxshilash va hududiy hokimiyat organlarining salohiyatini oshirishdan iborat.
Shahnoza Mamaturopova,
Oybek Davronov (video),
O‘zA