Hozir jahonning ko‘plab mamlakatlarida iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda kapital bozori muhim rol o‘ynamoqda. Chunki kapital bozori orqali ishlab chiqarish sohasiga sarmoyalar yo‘naltiriladi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi hamda ichki bozorda iqtisodiy muvozanat yuzaga keladi.

O‘zbekiston kapital bozori qanday rivojlanmoqda, u xalqaro investorlarga ochiqmi? Sohada qanday o‘zgarishlar, yangiliklar bor?
Shu kabi savollarga aniqlik kiritish uchun “Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” AJ Bosh direktori Sherali Abdujabborovga murojaat qildik.
– Suhbatimiz avvalida O‘zbekiston kapital bozorining bugungi holati haqida gaplashsak?
– O‘zbekiston kapital bozori so‘nggi yillarda yangi o‘zgarishlar bosqichiga kirdi. Ayni kunda uning infratuzilmasi kengayib, sifat jihatidan yangilanmoqda, emitentlar soni ortmoqda, aksiyadorlarning qatlami kengaymoqda va ushbu jarayon faol davom etmoqda. Eng muhimi, bozor ishtirokchilari uchun ko‘plab zamonaviy interaktiv xizmatlar joriy etilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kundagi kapital bozori iqtisodiyotimizning umumiy rivojlanishida korxonalarga sarmoya jalb etish, aholi va sarmoyadorlarga o‘z mablag‘larini samarali yo‘naltirish imkonini beruvchi muhim omil sifatida yuz ko‘rsatmoqda.
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, kapital bozorining barqaror va samarali ishlashi mamlakatda tadbirkorlik muhitini yaxshilaydi, xorijiy sarmoyalar oqimini kuchaytiradi hamda aholida moliyaviy madaniyatni shakllantiradi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston kapital bozoridagi jarayonlarni nafaqat milliy, balki xalqaro ko‘lamdagi integratsiya jarayonining bir qismi sifatida ko‘rish mumkin.
– Har bir sohaning asosi qonunchilik bilan chambarchas bog‘liq. Chunki soha qonunchilikdagi tartib-qoidalar bilan boshqariladi. Shunday ekan, O‘zbekiston kapital bozori qonunchiligida qanday yangiliklar bor?
– Ma’lumki, Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga kapital bozori faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish vakolatlari berilgach, qimmatli qog‘ozlar bozorining qonunchilik asosini takomillashtirishga, bozor ishtirokchilariga yangi qulayliklar yaratishga muhim e’tibor berilmoqda.
Qonun hujjatlarini takomillashtirish yo‘nalishida agentlik tomonidan davlat tashkilotlari va xususiy sektor maslahatchilari guruhi, kapital bozori infratuzilma tashkilotlari hamda Markaziy depozitariy bilan hamkorlikda “Kapital bozori to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi kapital bozorining shaffof va samarali mexanizmini shakllantirish, investorlar huquqlarini himoya qilish, mahalliy va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, innovatsion moliyaviy vositalarni joriy qilish, global ishtirokchilar tomonidan moliya bozoriga ishonchlilikni mustahkamlash, milliy kapital bozori likvidligini oshiradigan chet ellik nominal saqlovchilarning faoliyat yuritish imkonini beradi.
Qonun ijodkorligi sohasida O‘zbekiston Respublikasining 2025 yil 17 apreldagi O‘RQ-1057-son qonuni bilan “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritilganini aytib o‘tishimiz mumkin. Unga muvofiq, aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining dividendlar to‘lovi to‘g‘risidagi qarori aksiyadorlar e’tiboriga mobil aloqa vositasiga SMS-xabarlar yuborish yoki elektron pochta orqali yetkazilishi, dividendlar to‘lovi Markaziy depozitariy orqali aksiyadorning mavjud bank hisobvarag‘iga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda avtomatik ravishda amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.
Qonunchilikdagi o‘zgarishlar investorlarning bozorga, qimmatli qog‘ozlarga bo‘lgan ishonchini oshirmoqda, ularning huquqlarini kafolatlamoqda va kapital bozorini yanada jozibador qilmoqda. Fikrimizga dalil sifatida joriy yilda Amerikaning Franklin Templeton investitsiya kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasiga (UzNIF) ishonchli boshqaruvchi etib tayinlanganini aytishimiz mumkin. Prezident qarori bilan O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, xalqaro investitsiyalarni jalb qilish maqsadida tashkil etilgan UzNIF endilikda xorijiy ishonchli boshqaruvchi ishtirokida o‘z aksiyalarini xalqaro bozorlarda joylashtirishi va chet ellik investorlarga O‘zbekiston kapital bozoriga kirish uchun imkoniyat yaratishi mumkin.
– Bugun siz rahbarlik qilib kelayotgan Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi mamlakatimiz qimmatli qog‘ozlar bozorining muhim ishtirokchilaridan biri hisoblanadi. Shu haqda ham to‘xtalsangiz?
– Qimmatli qog‘ozlar bozorida investitsiyalarning shaffofligi va ishonchliligini, sarmoyadorlarga aktivlarni boshqarish bilan bog‘liq xatarlarni minimallashtirishni, moliya bozori qoidalari va shartlariga rioya etilishini ta’minlash – muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Markaziy depozitariyning asosiy missiyasi – bozordagi aktivlarning hisobini yuritish, ularning kafolatli hamda sifatli saqlanishini ta’minlash, shu jumladan, savdo natijalari bo‘yicha hisob-kitoblarni yagona infratuzilma tizimida amalga oshirishdir.
Muxtasar aytganda, Markaziy depozitariy barpo qilingan kundan buyon mamlakatimiz iqtisodiyotining, jumladan, kapital bozorining rivojlanish bosqichlariga hamnafas holda rivojlanib bormoqda.
– Shu o‘rinda, ayniqsa, aksiya egalariga qiziq bo‘lgan savolga to‘xtalsak, ya’ni dividendlar to‘lovi masalasi. Bu borada qanday qulayliklar yaratilgan?
– O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining bevosita ishtirokida Markaziy depozitariyda zamonaviy avtomatlashtirilgan bank tizimi joriy etildi. Shuningdek, Markaziy bankda Markaziy depozitariyning vakillik hisobvarag‘i ochildi va Markaziy depozitariy banklararo to‘lov tizimiga ulandi. Shuningdek, ma’lumotlar bazasi davlat organlari axborot tizimlari bilan integratsiyalashdi. Markaziy depozitariyning UzCSD mobil ilovasi ishlab chiqildi va joriy etildi. Avtomatlashtirilgan bank tizimi ishga tushirilgach, Markaziy depozitariy bilan daromadlar to‘lovi bo‘yicha shartnoma tuzgan aksiyadorlik jamiyatlari bo‘yicha dividend to‘lovlari yuridik shaxslarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bank hisobvarag‘iga, jismoniy shaxslarga esa UzCSD mobil ilovasi orqali amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi.
UzCSD mobil ilovasi eng muhim yutuqlarimizdan biridir. Bugungi kunda aksiyador ushbu ilovani “Play Market” yoki “App Store”dan yuklab olib, o‘z daromadlarini mobil aloqa vositasi orqali olishi mumkin. Ilovaning afzalligi shundaki, u 24/7 rejimida ishlaydi – ya’ni istalgan vaqt, istalgan joyda xizmatdan foydalanish imkoniyati mavjud.
Mobil ilovada jismoniy shaxslar uchun nafaqat dividendlarni olish, balki qimmatli qog‘ozlar portfelini kuzatish, brokerlik hisobvarag‘ini masofadan ochish, o‘z shaxsiy ma’lumotlarini davlat bazalari bilan solishtirish imkoniyati mavjud.
Ushbu loyihaning joriy etilgani natijasida qisqa muddat ichida minglab yuridik va jismoniy shaxs – aksiyadorlar o‘z dividendlarini Markaziy depozitariy orqali olishga erishdilar. 2025 yil 1 oktyabr holatiga Markaziy depozitariy orqali jami 1,2 trln. so‘mga yaqin dividend to‘lovlari aksiyadorlarga o‘tkazib berildi.
Shuningdek, ushbu yo‘nalishda Markaziy depozitariy, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Markaziy bank, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan hamkorlikda aksiyadorlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida yangi raqamli loyiha amalga oshirildi.
Endilikda ushbu loyiha ishga tushirilgach, jismoniy shaxs – aksiyadorlar o‘zlariga tegishli qimmatli qog‘ozlar va hisobvaraqlar haqidagi barcha ma’lumotlarni nafaqat UzCSD mobil ilovasi, balki my.gov yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham masofadan turib olishlari mumkin.
– Markaziy depozitariyning oxirgi ikki-uch yildagi faoliyati sarhisob qilinganda, aynan qaysi natijalarni e’tirof etgan bo‘lardingiz?
– So‘nggi yillarda xizmatlarimizdan foydalanadigan mijozlar soni izchil darajada oshdi, xorijiy moliya tashkilotlari bilan hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi.
Markaziy depozitariy tomonidan milliy raqamlovchi agentlik sifatida emitentlarning qimmatli qog‘ozlariga ISIN, CFI va FISN xalqaro kodlari berilmoqda. Xalqaro va xorijiy markaziy depozitariylar bilan vakillik munosabatlarini o‘rnatishni ta’minlash maqsadida “Bank of Georgia” kastodian bankiga Markaziy depozitariyda chet ellik nominal saqlovchi depo hisobvarag‘i ochildi. Shuningdek, boshqa xalqaro kastodian-banklar bilan axborot almashishni yo‘lga qo‘yish va chet ellik nominal saqlovchi hisobvarag‘ini ochish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Markaziy depozitariyning eVOTE elektron ovoz berish platformasi orqali nafaqat aksiyadorlik jamiyatlari aksiyadorlarining yillik va navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishlarini, balki Kuzatuv kengashi majlislarini ham masofadan turib, onlayn o‘tkazish imkoniyati yaratildi.
Markaziy depozitariy “Bank-mijoz”, “UzCSD mobil ilova” servislari, 24/7 rejimida tezkor to‘lovlarni amalga oshirish, davlat organlari elektron bazalari bilan integratsiya, KYC/AML/CFT jarayonlarini o‘tkazish imkoniyatlariga ega bo‘ldi.
Ushbu loyihalar mamlakatimizda kapital bozori infratuzilmasini raqamlashtirishda muhim qadam bo‘lib, bozor ishtirokchilari, emitentlar va aksiyadorlar uchun xizmatlarni yanada qulay, sodda va samarali qilishga qaratilgan.
– Markaziy depozitariyning kelgusi rejalari xususida ham to‘xtalib o‘tsangiz?
– Bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlar bizni xalqaro kapital bozorlariga olib chiqadigan mustahkam poydevor hisoblanadi. Investorlar uchun eng muhim narsa – bu ishonch va qulaylikdir. Biz aynan shu ikki ustunni mustahkamlashimiz zarur.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq, mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish va qimmatli qog‘ozlar bozorini jadal rivojlantirish uchun chet ellik nominal saqlovchilar hamda kastodian banklarning mahalliy kapital bozorida qatnashishi uchun infratuzilmani yaratish ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston kapital bozoriga bugungi kunda professional muhitga, zamonaviy texnologiyalarga ega kuchli infratuzilma kerak. Ushbu omil Markaziy depozitariyga kapital bozorining muhim infratuzilmalaridan biri sifatida sarmoyadorlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, chet ellik institutsional investorlarga qulay shart-sharoitlarni yaratish va yangi zamonaviy interaktiv xizmat turlarini joriy qilish bo‘yicha barqaror rivojlanishni ta’minlash vazifasini yuklaydi.
Kapital bozoriga xorijiy investorlarni jalb etish va ularning huquqiy va moliyaviy xavfsizligini ta’minlash Markaziy depozitariydan KYC (“O‘z mijozingni bil”) va AML (“Pul yuvishga qarshi kurashish”) tizimlari joriy etish jarayonlarini yanada takomillashtirishni talab etmoqda. Bu esa nafaqat ichki qoidalar va milliy sanksiya ro‘yxatlarini, balki xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lgan sanksiya ro‘yxatlarini ham hisobga olish zarurligini taqozo etadi.
Shu munosabat bilan, chet ellik nominal saqlovchilar, kastodian banklar, xorijiy investorlar bilan shartnomalar tuzish yoki operatsiyalarda ishtirok etishdan avval, ularning xalqaro sanksiya ro‘yxatlarida mavjud emasligini tekshirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Xulosa qilib aytganda, kapital bozoriga xorijiy investitsiyalarni jalb etish va investorlar huquqiy hamda moliyaviy xavfsizligini ta’minlashda, Markaziy depozitariyning KYC/AML tizimini xalqaro talablarga muvofiq tashkil etishi, mijozlarning sanksiya va nazorat ro‘yxatlariga kirmaganligini doimiy monitoring qilishi ham ichki, ham tashqi ishonchni ta’minlash uchun muhim omil hisoblanadi.
So‘nggi yillarda erishgan yutuqlarimiz bilan birgalikda amalga oshirishimiz zarur bo‘lgan ustuvor vazifalar ham juda ko‘p. Ular sirasiga quyidagilar kiradi:
xalqaro va xorijiy Markaziy depozitariylar bilan vakillik aloqalarini o‘rnatish;
Markaziy depozitariyning IOSCOning hisob-kitob va to‘lovlar qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan, asosan to‘lov tizimlariga, kliring tashkilotlariga va Markaziy depozitariylarga tatbiq etiladigan PFMI tamoyillariga (moliya bozorining muhim infratuzilmasi uchun xalqaro standartlarga) muvofiqligi bo‘yicha tegishli tadbirlarni amalga oshirish;
Markaziy depozitariy faoliyatidagi biznes jarayonlarning uzluksizligini, ya’ni moliyaviy, texnik, texnologik va tashkiliy jarayonlarning barqaror va muvofiq ishlashini kapital bozori ekotizimi nuqtai nazaridan ta’minlash, xatarlarni minimallashtirish;
qonunchilik hujjatlariga kapital bozorini rivojlantirishga doir o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlash.
Eng muhim va ustuvor yo‘nalishlardan yana biri – barcha qimmatli qog‘ozlarni saqlash, hisobga olish va ular bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish funksiyalarini amalga oshiradigan, depozitar va hisob-kitob mexanizmlarini o‘zida jamlagan, savdo tizimlari va tashqi tizimlar bilan to‘liq integratsiyada ishlaydigan zamonaviy yagona depozitar dasturiy ta’minotni yaratish va joriy etish masalasidir. Ushbu dasturiy ta’minot korporativ qimmatli qog‘ozlar va davlat qimmatli qog‘ozlar bozorida barcha mijozlarga yagona infratuzilmaviy platforma sifatida faoliyat ko‘rsatishi kutilmoqda.Oldimizda turgan eng asosiy maqsad – Markaziy depozitariyni kapital bozorining mijozlar uchun shaffof va xavfsiz xizmat ko‘rsatuvchi yetakchi infratuzilmalaridan biriga aylantirish, shu bilan birga, xorijiy investorlar va kastodian-banklarning O‘zbekiston kapital bozoriga kirib kelishlarida ular uchun odatiy bo‘lgan, ochiq va zamonaviy shart-sharoitlarni yaratishdir.
Hamroz Bayanov, O‘zA