O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limining Ta’sis konferensiyasi o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi boshqaruvi raisi Olimjon O‘sarov, viloyatda faoliyat yuritayotgan OAV vakillari, mahalliy gazeta nashrlari bosh muharrirlari, faxriy jurnalistlar qatnashdi.
Qayd etilganidek, viloyatda 30 ga yaqin bosma gazeta nashrlari chop etiladi. Shuningdek, bir qator radio va telekanallar faoliyat olib bormoqda. Ijtiomiy tarmoqlarda “Oltin voha”, “Yoshlar kundaligi”, “Toshkent haqiqati onlayn” kabi telegramm kanallarining obunachilari yil sayin ko‘paymoqda.
Kun tartibida bir qator masallar ko‘rib chiqildi. Xususan, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limini qayta tashkil etish, uning boshqaruv a’zolari, taftish komissiyasi vakillari tasdiqlandi. O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limi raisligiga Rahmatilla Sheraliyev saylandi.
R. Sheraliyev "Chirchiq tongi" gazetasi bosh muharriri bo‘lib ham ishlaydi, Qibray tumanida tavallud topgan. Mehnat faoliyatini 1974 yil hozirgi “O‘zbekiston ovozi” gazetasida boshlagan. Keyinchalik boshqa davriy nashrlarda, "Xalq so‘zi" gazetasida, Qibray tumani hokimligida, Respublika "Ma’naviyat va ma’rifat" markazida, viloyat hokimligida, “Nuroniy”, “Mahalla” jamg‘armalarida faoliyat yuritgan.
Muhokamalar davomida uyushma hududiy bo‘limi nizomida belgilangan maqsad va vazifalarga ham alohida to‘xtalindi. Xususan, Toshkent viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan jurnalistlarni ijodiy-kasbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, erkin ijodkorlarning ijodiy hamda mualliflik huquqlarini himoya qilish, ularga tegishli ijodiy-uslubiy yordam va ko‘mak berish, professional malakasini oshirish, ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishga ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratiladi.
A.Musayev, O‘zA.