Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston jurnalistikasi ensiklopediyasi: u qanday bo‘lishi kerak?
14:24 / 2022-01-07

O‘zbekiston jurnalistikasi ensiklopediyasi... U qanday bo‘lishi kerak, qanday talablarga javob bermog‘i zarur?

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti bilan hamkorlikda yaratilishi ko‘zda tutilayotgan  O‘zbekiston jurnalistikasi ensiklopediyasining yaratilishi asoslari, Konsepsiyasi masalalariga bag‘ishlangan dastlabki yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov milliy jurnalistikamiz uzoq tarixga ega ekani, lekin hanuzgacha jurnalistikamizga oid ensiklopediya yaratilmaganini qayd etdi. Darhaqiqat, yig‘ilishda ta’kidlanganidek, MDHning aksariyat  mamlakatlarida jurnalistika ensiklopediyasi nashr etilgan. Zero, O‘zbekiston jurnalistikasi ensiklopediyasini yaratishni davrning o‘zi talab etmoqda. Jurnalistlar ijodiy uyushmasi tomonidan O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti bilan hamkorlikda olimlar, o‘qituvchilar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, tadqiqotchilar ishtirokida yaratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Vaholanki, bundan bir necha yillar avval jurnalistikaga oid antologiyani yaratish bo‘yicha ishlar boshlangan edi. Biroq moliyaviy sabablarga ko‘ra, bu boradagi ishlar to‘xtab qolgandi. Endilikda yaratilajak ensiklopediya ustida ish olib borish g‘oyat murakkab va mas’uliyatli jarayon ekaniga e’tibor qaratildi.

– Jurnalistikaga e’tibor kuchaygan bugungi kunda shunday qomusiy nashr yaratish juda muhim, – dedi O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja. – Lekin bugungi kunda bozor iqtisodiyoti sharoitida mazkur ensiklopediyaning moliyaviy mexanizmlarini ishlab chiqish lozim. Doimiy ish olib boradigan ishchi guruhi, doimiy tahrir hay’ati tuzish kerak. Ayni paytda yuqori sifat va saviyada tayyorlanishi kerak bo‘lgan mazkur ensiklopediya har bir  tahririyatda, ommaviy axborot xodimlari tayyorlashga ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlarida, kutubxonalarda turadigan mukammal nashr bo‘lmog‘i kerak. Kerak bo‘lsa, bu loyihaga homiylik qilishga ham tayyormiz. Avval ta’kidlaganimizdek, bu loyiha tijoriy loyiha emas. Bu nashr milliy jurnalistikamizni to‘laqonli aks ettirish uchun, davr ruhini ifodalash uchun muhimdir.

Yig‘ilishda media sohasidagi taniqli olim va tadqiqotchi, ustoz jurnalist Fayzulla Mo‘minov ensiklopediyaning sifati va saviyasi, konsepsiyasi xususida o‘zining fikrlarini batafsil bildirdi. Hozirgacha mazkur loyiha uchun reja tarzida 73 ta yo‘nalish belgilangan bo‘lib, nashrni yaratishda alifbo jihatdan yondashish muhimligi qayd etildi. Bunda jurnalistik terminlar, yo‘nalish va mavzularga, texnik jihatlarga e’tibor qaratish muhimligi ta’kidlandi. Ensiklopediya katta mas’uliyat bilan, kelgusida ko‘p yillar uchun xizmat qilishga arzirli bo‘lishi kerakligiga jiddiy e’tibor qaratildi.

Yig‘ilishda mazkur yirik loyiha yuzasidan jurnalistlar, olimlar, professor-o‘qituvchilar o‘z fikrini bildirdi.

“O‘zbekiston jurnalistikasi ensiklopediyasi”ning ishchi guruhi, tahrir hay’ati tuzildi. Qayd etilganidek, mazkur nashr bilan bog‘liq ishlarni yil oxirigacha yakunlab, 31 dekabrgacha bosmaxonaga topshirish, kelgusi yili esa 3 may – Jahon matbuot erkinligi kunida nashrdan chiqarish ko‘zda tutilmoqda.

 

Nazokat Usmonova, O‘zA