O‘zbekistonda sport sohasini rivojlantirish, federatsiyalarning tuzilmaviy faoliyatini takomillashtirish va xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni yanada puxta tashkil etish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda turli sport federatsiyalari o‘z faoliyatini tahlil qilib, yangi vazifalarni belgilab boradigan hisobot-saylov konferensiyalarini o‘tkazib kelmoqda.
Yaponiyada shakllangan, ko‘proq himoya va qarshi hujum uslublariga asoslangan jangovar sport turi hisoblangan Jiu-jitsu mamlakatimizda ommalashib, unga bo‘lgan qiziqish ortib borayotir.
O‘zbekiston sportchilari ham ushbu yo‘nalishlarda so‘nggi yillarda yuqori natijalarni qayd etib, Osiyo va jahon arenasida munosib ishtirok etib kelmoqda.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston jiu-jitsu federatsiyasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasida bir qator tashkiliy masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, federatsiyaga yangi rahbar saylash kun tartibidagi asosiy masala bo‘ldi.Tadbirda hududlardan tashrif buyurgan delegatlar, federatsiya mutasaddilari, sportchi va murabbiylar ishtirok etdi.
Konferensiya davomida tashkilotga Iqbol Komilov rais etib saylandi.

Tadbir davomida federatsiyaning "Aichi-Nagoya-2026" Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik rejasi batafsil ko‘rib chiqildi. Shuningdek, "Fighting" va "Contact" dasturlarida sportchilarimizning imkoniyatlari muhokama qilindi. Bundan tashqari, konferensiya davomida federatsiyaning istiqboldagi rejalari ham muhokama qilindi. Mamlakatimizning erkaklar va ayollar terma jamoalarining 2026 yili Yaponiya davlatining Ayti-Nagoya shahrida o‘tkaziladigan XX yozgi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik dasturi o‘rganildi. Sportning jiu-jitsu turini ommaviyligini yanada oshirish, seleksiya tizimini takomillashtirish singari ko‘plab masalalar yuzasidan mutaxassislarning fikr va mulohazalari tinglanib, tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Konferensiya kun tartibiga ko‘ra, O‘zbekiston jiu-jitsu federatsiyasining yangi tahrirdagi ustavi ham tasdiqlandi.
Nigora Rahmonova, O‘zA