Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti ("Green University")da “Ekologik muammolarning tabiatga asoslangan yechimlari” mavzusida III xalqaro ilmiy-amaliy anjumani tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston iqlim o‘zgarishi, suv resurslari tanqisligi, bioxilma-xillikning yo‘qolishi, yerlarning sho‘rlanishi va atmosfera havosining ifloslanishi kabi jiddiy ekologik muammolar bilan yuzma-yuz kelayotgani ta’kidlandi. Ushbu muammolar nafaqat atrof-muhitga, balki iqtisodiyot, jamoatchilik va aholi salomatligiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.

Anjumanni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad barqaror rivojlanish tamoyillari hamda ilg‘or, ekologik yo‘naltirilgan texnologiyalar asosida ekologik islohotlarni amalga oshirishning ilmiy-nazariy va amaliy jihatlarini muhokama qilishdan iborat.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yil “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilingani, shuningdek soha bo‘yicha vakolatli idoraning Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasiga aylantirilishi ekologik islohotlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘ldi.

Shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida keng ko‘lamli vazifalar belgilangan bo‘lib, ular qatorida ko‘kalamzorlashtirish darajasini 30 foizga yetkazish, Orolbo‘yi hududida o‘rmonzorlar maydonini 2,3 million gektargacha kengaytirish, cho‘llanish, qurg‘oqchilik hamda chang-qum bo‘ronlariga qarshi kurashish maqsadida 600 ming gektar maydonda himoya o‘rmonzorlari barpo etish, alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni kengaytirish, shuningdek yashil energetika ulushini 54 foizga yetkazish kabi vazifalar mavjud. Bundan tashqari, O‘zbekiston Parij kelishuvi doirasida 2035 yilga qadar issiqxona gazlari chiqindilarini 50 foizga qisqartirish majburiyatini olgan.

–Ekologik va iqlimiy muammolar chegara bilmaydi, – deydi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov. – Muammolar barchani birgalikda harakat qilishga undaydi. Shu nuqtai nazardan, "Green University"da IUCN mintaqaviy vakolatxonasining ochilishi xalqaro hamjamiyatning Markaziy Osiyodagi ekologik muammolarni ilmiy asoslangan yechimlar orqali hal etishda O‘zbekistonning tutgan o‘rniga bo‘lgan yuksak ishonchi namunasidir. Bundan tashqari universitet bazasida Xitoy Fanlar akademiyasining Shinjon Ekologiya va geografiya instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan Markaziy Osiyo ekologiya tadqiqot markazi mintaqaviy ilmiy izlanishlar uchun asosiy platformaga aylanishi kutilmoqda.

Anjumanning yalpi majlisi doirasida mahalliy va xorijiy yetakchi ekspertlarning ma’ruzalari tinglandi. O‘zbekistonning bugungi kundagi ekologik va suv xo‘jaligi muammolari hamda iqlim o‘zgarishi sharoitida ularni hal etish yo‘llari diqqat-markazda bo‘ldi. Alohida ma’ruza yashil iqtisodiyotni shakllantirish masalalari, uning rivojlanish mantiqi va yashil texnologiyalarni joriy etishning innovatsion yo‘nalishlariga bag‘ishlandi.

Mutaxassislar ishtirokida suvsiz zonalarda suv tejovchi texnologiyalarning suv resurslari holati va qishloq xo‘jaligi mahsuldorligiga ta’siri, zamonaviy usul va vositalar yordamida shaharlardagi iqlimiy va tabiiy xatarlarni boshqarish masalalari, yerlardan foydalanishni baholashda integratsiyalashgan yondashuvlar hamda daryo havzalarini barqaror boshqarish strategiyalari muhokama qilindi.

Ekologik yechimlar sohasida innovatsiyalarni joriy etishni jadallashtirish bo‘yicha xalqaro tashabbuslarga, shuningdek, Termiz shahri misolida atmosfera havosini ifloslantiruvchi asosiy manbalarni baholash va havoning sifatini monitoring qilish hamda boshqarish tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalarga alohida e’tibor qaratildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA